Kanal bo’yi ihotazorlari
Kanal bo’yi ihotazorlari -kanallar bo’ylarida barpo etiladigan daraxtzorlar; muhim agromeliorativ tadbir. Kanal qirg’oqlarini mustahkamlash, chang va qum bo’ronlari ta’sirini kamaytirish, soyalash evaziga kanalda o’tlar o’sishini qisqartirish maqsadlarida qo’llaniladi. Kanal bo’yi ihotazorlari kanal o’zanidan filtrasiyaga sarflanayotgan suvni sug’oriladigan dalalarga o’tishi va yerga singishini kamaytiradi va sizot suv sathini pasaytiradi (biologik zovur), mikroiqlimni yaxshilaydi. Kanal bo’yi ihotazorlari xo’jalik sug’orish va kollek-torzovur tarmoqlarini loyqa va begona o’tlardan tozalashda xalaqit bermasligi uchun uning bir tomonidan — iloji boricha janub tomonidan joylashtiriladi. Yirik magistral kanallar va ochiq kollektorlarning bir yoki ikkala yoqasida 4-5 qatordan iborat ihota daraxtlari ekiladi. Chekkadagi ihota qatorlari kanal bo’yidan 3 metrdan kam bo’lmagan masofada joylashtiriladi. Suv omborlari atrofida ihota daraxtzorlari qatorli soni 3 dan ortiq va umumiy kengligi 20 metrdan kam bo’lmaydi. Ihota sifatida tol, oq terak, tut, qayrag’och, dub, chinor, oq akasiya, gledichiya kabi daraxtlar hamda butalardan foydalaniladi.