Kanar orollari
Kanar orollari — Atlantika okeanidagi orollar guruhi, Afrikaning shimoliy-g’arbiy sohilidan 100-120 kilometr uzoqda. Ispaniya tarkibidagi muxtor viloyat. Maydoni 7,3 ming km2. Asosiy orollari: Gran-Kanariya, Tenerife. Fuerteventura, Lansarote. Ma’muriy markazi — Las-Palmas. Relefi tog’lik, eng baland joyi 3718 metr (Tenerife oroldagi Teyde vulkani). So’ngan va harakatdagi vulkanlar bor. Iqlimi tropik, Passat iqlim. Yillik yog’in o’rtacha 300— 500 mm. Yon bag’irlari doim yashil butazorlar, ba’zan o’rmonlar bilan qoplangan. Endemik o’simlik turi (ajdar daraxti, Kanar xurmosi va qarag’ayi) ko’p. Banan, kartoshka, tsitrus mevalar, tamaki, uzum etishtiriladi, donli va dukkakli ekinlar ekiladi. Chorvachilik rivojlangan. Baliq ovlanadi. Kanar orollari Atlantika okeanidagi muhim tranzit baza. Yirik shaharlari: Las-Palmas va Santa-Krus- de-Tenerife. Teyde milliy parki tashkil etilgan. Dengizbo’yi iqlim kurortlari mavjud.