Kapablanka (Capablanca) Xose Raul

Kapablanka (Capablanca) Xose Raul (1888.19.11, Gavana, — 1942.8.3, Nyu-York) — kubalik shaxmatchi, diplomat. 3-jahon chempioni (1921-27). 4 yoshida shaxmatni o’rganib, 14 yoshida Kuba chempioni bo’lgan va so’ng bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan: jahon chempioni E. Lasker bilan bo’lgan matchni yutgan (1921), San-Sebastyan (1911), London (1922), Nyu-York (1927), Moskva (1936) da o’tkazilgan xalqaro turnirlarda birinchi mukofotlarni qo’lga kiritgan. 1936 yil Nottingemda M.M.Botvinnik bilan birga turnir g’olibi bo’lgan. Shaxmat o’yini texnikasini mukammallashtirishda Kapablankaning xizmatlari katta. “Mening shaxmatdagi shuhratim”, “shaxmat o’yini asoslari”, “shaxmat o’yini darsligi” va boshqa kitoblari bor.