KAROMATOV SA’DULLA MUZAFFAROVICH

KAROMATOV SA’DULLA MUZAFFAROVICH (1928.14.7, Buxoro – 1987.21.8, Toshkent) — jurnalist, yozuvchi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi (1978). Toshkent universitetining Filologiya fakultetini tugatgan (1949). O’zbekiston radioeshittirish qo’mitasida xodim (1949-51), “Sovet O’zbekistoni” gazetasida adabiy xodim, bo’lim mudiri (1954-57), “O’zbekiston madaniyati” (1957-59), “Sovet O’zbekistoni” (1959-66) gazetalarida mas’ul kotib, “Toshkent oqshomi” — “Vecherniy Tashkent” gazetalari bosh muharriri (1966— 82), O’zbekiston yozuvchilari uyushmasi kotibi (1982-85). Karomatov ijodini 50-yillarda ocherknavis sifatida boshlagan. Birinchi yirik nasriy asari — “Tog’lar tabassumi” (hujjatli qissa, 1963). Ocherklar to’plamlari (“Amuning zar kokillari”, 1964; “kumush kamar”, 1964; “go’zallik ramzi”, 1965) chiqqan. Bir muhabbat fojiasiga bag’ishlangan “Bir tomchi qon” (1968), 2-jahon urushidan keyingi hayot mashaqqatlari haqidagi “E’tiqod” (1970) qissalari hamda ma’dan izlovchilar hayoti tasvirlangan “oltin qum” (1980) romani va boshqa asarlar muallifi.