KASABA UYUSHMALARI

KASABA UYUSHMALARI — mehnatkashlarni jinsi, diniy e‘tiqodi, irqiy va milliy mansubliklaridan qat’i nazar ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalarida ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va o’z a‘zolari manfaatlarini himoya qilish maqsadida birlashtiruvchi ommaviy jamoat tashkilotlari. XVIII asr oxirida G’arbiy Yevropa mamlakatlari va AQSHda o’zaro yordam jamiyatlari sifatida paydo bo’lgan. Rivojlangan mamlakatlarda XIX asrda legallashdi. Kasaba uyushmalari xodimlarning mehnat sharoiti, ish haqi, turmush, madaniyat va shu kabi sohalardagi manfaatlarini himoya qilishga da’vat etilgan. 14 yoshga to’lgan va mehnat (kasb) faoliyati bilan shug’ullanayotgan har bir kishi o’z xohishiga ko’ra, o’z manfaatlarini himoya qilish uchun Kasaba uyushmalari tuzish, ularga kirish, Kasaba uyushmalari faoliyati bilan shug’ullanish va Kasaba uyushmalaridan chiqish huquqiga ega. Eng yirik xalqaro Kasaba uyushmalari markazlari: Jahon Kasaba uyushmalari federasiyasi 1945-yil Parijda tuzilgan, 80 dan ortiq mamlakat milliy kasaba uyushma markazlarini birlashtiradi, kasaba uyushma umumiy a‘zolarining soni XX asrning 90-yillarida 213 mln.dan ortiq bo’lgan, qarorgohi Bryusselda). O’zbekistonda Kasaba uyushmalarining huquqiy maqomi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Mehnat kodeksi, «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonuni (1992-yil 2-iyul) va boshqalar bilan belgilanadi. Kasaba uyushmalariga mehnat, unga haq to’lash va boshqalar tayin masalalarni hal qilish sohasida huquqlar berilgan. Kasaba uyushmalarining ustavlari «O’zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan tartibda ro’yxatga olinadi. Barcha Kasaba uyushmalari teng huquqlardan foydalanadilar. Kasaba uyushmalari o’z faoliyatida davlat boshqaruv idoralaridan, xo’jalik idoralaridan, siyosiy partiyalardan mustaqil, ular oldida hisobdor emas va ular tomonidan nazorat qilinmaydi (qonun xujjatlarida nazarda tutilgan holler bundan mustasno). Kasaba uyushmalarining huquqlarini cheklaydigan yoki shu huquqlarning amalga oshirilishiga to’sqinlik qiladigan tarzdagi har qanday aralashuv man etiladi. Kasaba uyushmalari o’z ustavlarida belgilangan maqsadlarga va vazifalarga muvofiq ravishda boshqa mamlakatlarning Kasaba uyushmalari bilan hamkorlik qilish, o’z xohishiga ko’ra, xalqaro va boshqalar. Kasaba uyushmalari birlashmalariga va tashkilotlariga kirish huquqiga ega. Kasaba uyushmalarining tuzilishi federalizmga asoslangan. Quyidan yuqorigacha barcha organlar Kasaba uyushmalari a‘zolari tomonidan saylangan vakillarning yig’ilishlari, konferensiyalari va qurultoylarida saylanadi va ular oldida hisob beradi. Kasaba uyushmalari har bir a‘zosi saylashi va Kasaba uyushmalari organlariga saylanishi, yig’ilishlar, matbuot va boshqalar vositalar orqali Kasaba uyushmalari hamda ma’muriy organlar faoliyatiga taalluqli masalalarni qo’yishi mumkin. Kasaba uyushmalari ishlab chiqarish, tarmoq va hududiy prinsiplar asosida tashkil etiladi. Tarmoq va hududiy Kasaba uyushmalari a‘zo tashkilotlar sifatida O’zbekiston Kasaba uyushmalari Federasiyasini tashkil etadilar.