Kastalar

Kastalar (portugalcha casta-urug’, avlod, kelib chiqish, sanskritcha ekvivalenti jati)-kishilarning biqiq endogamy guruhi. Kastalar o’ziga xos sotsial vazifalarni bajarish, merosiy kasb-hunarlar bilan shug’ullanish natijasida ajraladiki, bu hol muayyan etnik, ba’zan diniy mushtaraklikka mansublik bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Kastalar baland-past tabaqalar hosil qiladi, ular o’rtasidagi munosabatlarda qat’iy cheklanishlar mavjud. Arxaik Kastalar (tabaqaviy yoki sotsial darajalar) bir qancha qadimgi va o’rta asr jamiyatlari (Qadimgi Misr, Hindiston, Peru va boshqalar)da bo’lgan. Hindistonda hinduizmda, asosan, odamlarning muayyan belgiga ko’ra guruhlarga bo’linishi yalpi tus olgan. Hindistonda XX asrning 40-yillarida 3,5 ming Kastalar va kichik Kastalar bor edi. O’rta asrlarda Hindistonda Kastalar bir necha pog’onani hosil qilgan: eng yuqori  pog’ona-brahmanlar va harbiy yer egalarining Kastalari yirik hamda o’rtahol mulkdorlardan tashkil topgan; ulardan quyirroq pog’onani savdogar-sudxo’rlar egallagan; bulardan keyingi pog’onadagi zamindorlar kastasi mayda mulkdorlar va dehqonlar bo’lib, jamoaning to’la huquqli a’zolari hisoblanishgan, yanada quyi pog’onaga ko’p sonli yersiz va to’la huquqqa ega bo’lmagan dehqonlar, hunarmandlar, xizmatkorlar kirgan; ularning eng past qatlami huquqsiz va eng ezilgan “hazar qilinganlar” (pariyalar)ning Kastalaridir. Hindiston konstitutsiyasi (1950) Kastalar tengligi va “hazar qilinganlar”ning yuridik teng huquqliligini e’tirof etdi.