KAVARDON
KAVARDON — qadimgi shahar xarobasi (milodiy 1 —13-asr boshi) Toshkent shahridan 25 kilometr sharqda, Chirchiqning chap qirg’og’idagi qadimgi o’zani sohilidagi (hozirgi Qorasuv va Hamdam kanali yoqalari) hozirgi Kavardon qishlog’i maydonida, yuqori Chirchiq va Parkent tumanlari chegarasida joylashgan. Shaharning umumiy maydoni 75 gektarga teng bo’lib, Shahriston va arkdan tashkil topgan. Shaharni bir necha darvozalari bo’lib, ular orqali yo’nalgan keng ko’chalar markazga olib borgan. Arab tarixchilaridan Istaxriy, Muqaddasiy (9-10-asrlar) asarlarida bu shahar “kabrana”, “Kabarna” deb tilga olingan. Yodgorlik xarobalari ilk bor 1972 yil Hamdam kanalini ta’mirlash ishlari vaqtida Yu. F. Buryakov rahbarligidagi Choch-Iloq otryadi tomonidan aniqlangan. 1973 yildan tanaffuslar bilan arxeologik qazishma ishlari olib borilgan. 2001 yildan esa O’. Islomov boshchiligidagi Parkent otryadi qazishma ishlarini davom ettirmoqda. Qazishmalar natijasida shahar arkining (hozirgi Uning xarobalari Xontepa deb ataladi) shimoldagi pastki madaniy qatlamlardan Burganli madaniyatiga oid (miloddan avvalgi 8-7-asrlar) yerto’la, o’choq xarobalari, uy-ro’zg’or idishlari (ko’za, tovoq, qozon kabi) parchalari topilgan. Keyingi qatlamlardan olingan ma’lumotlar bu yodgorlikka qandaydir sabablarga ko’ra, uzoq muddatli tanaffusdan keyingi hayot milodiy 1-2-asrlardan boshlanganligidan dalolat beradi. Shahar arki to’g’ri to’rtburchak (60x50x14 metr) shaklda, madaniy qatlami 8 metrga yaqin, shimol va Janub tomondan darvozalari bo’lgan. Qazishma natijasida paxsa va xom g’ishtdan qurilgan bir nechta xonali ibodatxona bo’lganligi aniqlandi. Ibodatxonaning bir katta zali markazida otashgoh qoldiqlari topildi. 3-4-asrlarga oid bu ibodatxona xarobaga uchragach, uning o’rnida keyingi asrlarda yangi ibodatxona qurilgan va u ham kuchli yong’in natijasida vayron bo’lgach, uning o’rnida 8 ta to’g’ri to’rtburchak xonalardan iborat bo’lgan novus qurilgan. 5-6-asrlarda shahar mavqei pasaygan. Shahar maydonida bu davrlarda turli ko’rinishlardagi novuslar (otashparastlarning qadimgi maqbaralari), kenotaflar paydo bo’lgan. Ular ichida, Ark xarobalarida ko’p xonali novus o’ziga xosdir. Uni bo’yi 19 metr, eni 17,5 metr bo’lib, tashqi devorlarining qalinligi 3 metr, ichki devorlari 1,5 metrdan bo’lgan. Barcha qurilgan bu xilxonalar paxsa, xom g’ishtdan ishlangan bo’lib, g’ishtlar ustiga turli belgilar barmoq yordamida chizilgan. 7-8-asr boshlarida shahar Choch viloyatidagi yirik shaharlar qatoridan joy olgan, tanga pullar zarb qilina boshlagan, shunday noyob mis tangalarning birini (aylanasi 20 millimetr, og’irligi 1,6 gramm) oldi tomonida toj kiygan hokim, uni aylanasi bo’ylab 15 harfdan iborat bo’lgan “Kavirad Kabarna hokimi” degan jumla Sug’d yozuvida bitilgan. Kavardonda kulolchilik sohasida yuqori yutuqlarga erishilganligidan va bu mahsulotga bo’lgan talabni ichki va tashqi savdoda o’sib borganligidan dalolat beradi. Kavardon 13-asr boshida mo’g’ullar tomonidan vayron qilingan. O’tkir Alimov, Kobil Alimov.