KAVITATSIYA

KAVITATSIYA (lotincha cavitas — bo’shliq)— suyuqlik ichida gaz, bug’ yoki ularning aralashmasi bilan to’lgan bo’shliq (kavitatsiya pufakchalari) hosil bo’lish hodisasi. Tez oqayotgan suyuqlikda bosimning ma’lum kritik qiymatgacha kamayishi (gidrodinamik Kavitatsiya) natijasida yoki suyuqlikda akustik to’lqinlarning o’tishi (akustik Kavitatsiya) natijasida sodir bo’ladi. Suyuqlikdagi gaz va bug pufakchalari cheksiz ortib boradi va katta “kavitatsiya pufakchalari”ga aylanadi. Pufakchalar suyuqlikda gaz erishi tufayli hosil bo’lib, bosim kritik bosimdan yuqori bosim sohasigacha yetganda kamaya boradi va yo’qoladi. Natijada suyuqlik aylanib o’tayotgan jism yaqinida pufakchalar bilan to’lgan chegara — “kavitasiya zonasi” hosil bo’ladi. Zona chegarasida pufakchalar juda tez kamayib boradi va gidravlik zarba vujudga keladi. Bunday zarbalarning qo’shilishi natijasida hamma vaqt Kavitatsiya bilan birga g’uvullayotgan ovoz chiqadi. Kavitatsiya gidroinshootlar va qurilmalar, suv turbinalari, suyuqlik nasoslari, turbovintlar, baland uchadigan samolyotlarning suyuq tizimlari va boshqalarga zararli ta’sir ko’rsatadi, f.i.k. ni kamaytiradi, inshootlarni portlatib yuborishi ham mumkin. Kavitatsiyani yo’qotish uchun suyuqlik harakati sekinlashtiriladi, gidrostatik bosim oshiriladi.