KINTANA-ROO
KINTANA-ROO — Meksika shtati, Yukatan yarim orolida. Maydoni 50,4 ming kilometr kvadrat. Aholisi 873,8 ming kishi (2000), asosan, Mayya indeyslari. Ma’muriy Markazi — Chetumal shahri. Yer yuzasi tekislik, ohaktoshlardan tuzilgan, karst hodisasi keng tarqalgan. O’rtacha oylik temperatura 24°, Yiliga o’rtacha 1350 millimetr yog’in yog’adi. Tropik sernam o’rmonlar bilan qoplangan. Meksikaning alohida ajralgan olis shtatlaridan. Aholining katta qismi o’rmonchilik bilan shug’ullanadi. Chikle sharbati yig’ish uchun qo’shni Shtatlardan ham indeyslar keladi. Rio-Ondo daryosi havzasida yog’och-taxta tayyorlanadi. Katta maydonlardagi o’rmonlarni yoqib dehqonchilik qilinadi. Muhim transport aloqalari Merida — Chetumal shosse yo’li orqali amalga oshiriladi.