Ko’chmanchi o’zbeklar
Ko’chmanchi o’zbeklar-ko’chmanchi o’zbeklarning o’zagini Dashti Qipchoq o’zbeklari tashkil etilgan. XIV-XVII asrlardagi yozma manbalar ma’lumotlariga ko’ra, ko’chmanchi o’zbeklar tarkibiga quyidagi urug’ va qabilalar kirgan: arlot, arg’in, bahrin, buyrak, bulovchi, burqut, durmon, jaloyir, jot, iyjon, kenagas, kerait, major, makrit, mang’it, nayman, nukuz, olchin, os, sulduz, tang’ut, tama, toymas, totor, tuboyi va boshqalar. XV asrning 50-60-yillarida Abulxayrxon asos solgan ko’chmanchi o’zbeklar davlatida feodal kurashning kuchayib ketishi natijasida ko’chmanchi o’zbeklarning bir qismi Gireyxon va Jonibek Sulton boshchiligida Chu vodiysiga ko’chib ketgan, keyinchalik o’sha yerda Qozoq xonligiga asos solgan. Feodal sulolaviy kurashlarning kuchayib ketishi, iqtisodiy qiyinchiliklar oqibatida ko’chmanchi o’zbeklarning katta qismi XVI asr boshlarida Abulxayrxonning nabirasi Shayboniyxon boshchiligida Movarounnahrga bostirib kirgan va temuriylar hukmronligiga barham bergan. Ularning G’arbiy Sibirda qolgan esa XV asrning 80-yillarida Shayboniy naslidan bo’lgan Iboqxon boshchiligida Sibir xonligiga asos solgan.