Konskriptsiya
Konskriptsiya (lotincha conscription-ro’yxatga kiritish, to’plash)-XVIII asr oxiri-XIX asr boshlarida Fransiyada umumiy harbiy majburiyat asosida qo’shin yig’ish usuli. Buyuk fransuz inqilobi davrida, 1793 yil avgustda, Konvent 18-40 yoshli barcha fransuzlarni, birinchi navbatda, 18-25 yoshli bo’ydoq va farzandsiz erkaklarni armiya safiga majburan jalb etish haqida dekret qabul qilgan. 1798 yili 6 yillik umumiy harbiy majburiyat Konskriptsiya deb nomlangan qonunga aylandi. Dastlab harbiy majburiyat shaxsiy xarakterda bo’lib, chaqiriluvchilarni boshqa kishilar bilan almashtirish taqiqlangan. Lekin 1800 yildan o’rindoshlik va pullik badal evaziga xizmatdan qutulishga izn berilgan. XIX asrning 2-yarmida umumiy harbiy majburiyat Konskriptsiyaning o’rnini to’liq egalladi.