Layel, Layell Charlz
Layel, Layell Charlz (1797.14.11, Kinnordi, Shotlandiya — 1875.22.2, London) — ingliz geologi, Oksford universitetini tugatgan (1819). 1836-37 va 1850-51 yillarda London geologiya jamiyatining prezidenti. Uchlamchi davr yotqiziqlari stratigrafiyasini ishlab chiqqan, metamorfik va vulkanik jarayonlarni o’rgangan. Tog’jinslarini cho’kindi, vulkanik, plutonik va metamorfik jinslarga bo’lishni taklif qilgan. Layelning geologiya asoslari bayoniga bag’ishlangan eng katta asari geologiya fanining metodologiyasini ishlab chi-qishga va rivojiga katta ta’sir ko’rsatdi. Layel katastrofizm (katastrofalar nazariyasi)ga keskin qarshi chiqdi. Geologik hodisalarni aktualizm pozitsiyasidan tushuntirdi. Dastlabki asarlarida o’simlik va hayvon turlarining o’zgarmasligini himoya qilsa ham keyinroq evolyusion taraqqiyot tarafdori bo’ldi. Eosen, miosen, pliosen va pleystosenlarni ajratdi. Layel — Linney jamiyati a’zosi (1819 yildan), geologiya jamiyati prezidenti (1835 yildan), Qirollik jamiyati a’zosi (1826), Peterburg Fanlar Akademiyasi xorijiy a’zosi (1871). Layel sharafiga eng muhim geologiya kashfiyotlar uchun har yili beriladigan medal ta’sis etilgan.