Laylaklar
Laylaklar (Ciconidae) — uzun oyoqli qushlar turkumining bir oilasi. 17 turni birlashtirgan 11 urug’i bor. Asosan, tropik, subtropik va mo’tadil mintaqalarda tarqalgan. O’zbekistonda oq laylak va qora laylak uchraydi. Oq laylakning tumshug’i va oyoqlari qizil, pati oq, qanot patlari qora. Vazni 4 kilogrammgacha. Qora laylak oq laylakka qaraganda kichikroq. Laylaklar yalangliklarda, tog’larda va aholi punktlariga yaqin yerlarda yashaydi. Uyasini daraxtlarga, qoyalarga va minoralar tomiga quradi. 3-5 ta tuxum qo’yadi. Ikkala jins ham tuxumini 30 kuncha galma-galdan bosadi. Monogam qushlar. Baqa, kaltakesak, sichqon, hasharot va boshqalar bilan oziqlanadi. Markaziy va Janubiy Afrikada, Janubiy-G’arbiy Osiyo va G’arbiy Xitoyda qishlaydi. Hozirgi Laylaklar soni kamayib ketgan.