“Lazgi”, “O’zbekraqs” qoshidagi Komiljon Otaniyozov nomidagi “Lazgi” ashula va raqs ansambli
“Lazgi”, “O’zbekraqs” qoshidagi Komiljon Otaniyozov nomidagi “Lazgi” ashula va raqs ansambli — Xorazm ashula va raqs ansambli. O’zbek davlat filarmoniyasi (Toshkent) qoshida 1957 yil tashkil etilgan. 1968 yildan “Lazgi” nomida, 1991 yildan Komiljon Otaniyozov nomida, 1997 yildan “O’zbekraqs” tarkibida. Asoschisi, badiiy rahbari va bosh baletmeysteri G. Rahimova. Keyingi rahbarlari K. Otaniyozov (1958 -59), O. Otajonov (1982-86 va 1987— 88), R. Sharipova (1986-87), R. Qurbonov (1988 yildan). Ansamblning bosh baletmeysteri — O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Z. G’iyosova, yetuk ijrochilari — O. Otajonov, G. Yoqubova, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar F. Solihova, Sh. Sultonov, I. Zaripova, M. Oynaqulova va shuningdek, Z. G’afforova, O. va U. Suyurboyevalar va boshqalar. Ansambl repertuari, asosan, Xorazm xalq qo’shiq va raqslari (“Norim-norim”, “Orazibon”, “Og’ajon”, “surnay lazgisi”, “Xiva lazgisi”), masxaraboz o’yinlari (“Cho’gurma raqsi”, “Chog’alloq” va boshqalar), shuningdek, zamonaviy qo’shiqlar (“O’zbekiston qizlari”, “Xorazm paxtasi”, “mening yorim”, M. Mirzayev; “Sen va men”, “Kel- kel yorim”, “Xorazmu Buxoro”, O. Otajonov), ashula-raqs kompozisiyalari va syuitalar (“Salom sizga Xorazmdan”, K. Otaniyozov; xalq kuylaridan tuzilgan “Lazgi salomi”, “Xorazm to’yi”, “Xiva sayili”, “arka momoning niyat kitobi”, “Og’a qaqir”, “hayroniman”, “maqom” va boshqalar)dan iborat. “Lazgi”ijro dasturidan hind, Arab, tojik, rus, turkman, qozoq, Ozarbayjon, Ajar, afg’on, gruzin, Uyg’ur va boshqa xalqlarning raqslari ham o’rin olgan. “Lazgi” Yevropa va Osiyo mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. Korfagendagi Etnografik ansambllar 8-festivali Diplomanti (Tunis, 1975), Iordaniyaning 1-darajali “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlangan (1984). Botir Matyoqubov.