Leytmotiv, leytmavzu, Leyt-ohang
Leytmotiv, leytmavzu, Leyt-ohang (nemischa Leitmotiv — yetakchi ohang) — musiqa asarida muayyan badiiy obrazning musiqiy in’ikosi sifatida bir necha marta takrorlanadigan ohang (kuy) iborasi, ba’zida butun kuy yoki garmonik (akkordlar) majmui. Musiqiy-sahnaviy asar (opera, balet, o’zbek musiqali dramasi va boshqalar)larda, odatda, asosiy qahramonlar, shuningdek, muhim narsa (deylik — ishq, dramaturgik konflikt va boshqalar), muayyan hodisa yoki his-tuyg’u va boshqalarning musiqiy ta’rifi sifatida ishlatiladi. Yevropa musiqasida 17-asrdan paydo bo’lib, 19-asrdan boshlab opera (K.M. Veber, M.Glinka, J.Bize, ayniqsa, R.Vagner, N.Rimskiy- Korsakov va boshqalar), balet (A.Adan, L.Delib, ayniqsa, P.Chaykovskiy va boshqalar), dasturli cholg’u musiqa (G.Berlioz, R.Shtraus va boshqalar)da keng joriy etilgan. O’zbekiston kompozitorlik ijodiyotida turli kompozitorlar tomonidan bir obrazni (masalan, Alisher Navoiyni — “Saraxbori Navo” orqali) gavdalantirishda Leytmotiv tamoyillaridan foydalaniladi. Leytmotiv atamasi adabiyot asarlari taxlilida ham syujetning takrorlanadigan holatiga nisbatan, keng ma’noda esa — odam faoliyatining hukmron omili ma’nosida ishlatiladi. To’xtasin G’afurbekov.