Linogravyura
Linogravyura (linoleum va gravyura) — linoleumga bo’rttirib ishlangan gravyura (ksilografiya usuliga o’xshash). 20-asr boshlarida yuzaga keldi. Badiiy ifodaning aniqligi, tasvir bajarilayotgan materialning yumshoqligi tufayli oq va qora rangning keskin kontrastligiga, chiziqlarning aniq va ifodaliligiga erishilishi, tezkor ishlanish imkoniyati, katta hajmdagi qog’ozlardan foydalanish mumkinligi, tirajining ko’pligi kabi badiiy xususiyatlari bilan bosma grafikada keng o’rin egalladi. Rangli bosmada ko’p qo’llaniladi. Ksilografiyaga uslub jihatdan yaqin bo’lsa ham mustaqil rivojlandi. 20-asr o’rtalarida bir necha Linogravyura maktablari shakllandi. Lotin Amerikasi (“Xalq grafikasi ustaxonasi”, Meksika; “gravyura do’stlari klubi”, Braziliya va boshqalar), AQSh, Frantsiya, Daniya, Rossiyada keng taraqqiy etdi. O’zbekistonda rassomlardan G. Chiganov, K. Basharov, A. Tsiglintsev, V. Parshin va boshqalar birinchilardan bo’lib Linogravyuraga murojaat qildilar. Dastgoh rasmlari va kitob bezaklarida Linogravyura usulidan keng foydalaniladi.