Lissabon

Lissabon — Portugaliya poytaxti. Mamlakatning eng muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Eshtremadura tarixiy viloyati va Lissabon okrugining markazi. Atlantika okeani qirg’og’idan 15 kilometr ichkarida. Teju daryosi estuariysi o’ng sohilidagi yirik port. Muhim temir yo’l tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Aholisi 678 ming kishi (1990-yillar o’rtalari, shahar atrofi bilan 2,5 million kishi). Iqlimi subtropik okean iqlimi, yillik o’rtacha temperatura 16°. Lissabon o’rnida qadimda iberi qabilasining manzilgohi bo’lgan. Miloddan avvalgi 2-asrda Lissabonni rimliklar, 6-asrda vestgotlar, 8-asrda arablar bosib olganlar (Lissabonning Arabcha nomi Al-Oshbuni yoki Lishbuna). 1147 yildan Portugaliya qirolligi tarkibida. 1255-56 yillardan mamlakat poytaxti, 1581 — 1640 yillarda Ispaniya hukmronligi ostida bo’lgan. 1640 yilda Portugaliya mustaqilligi uchun bo’lgan qo’zg’olon markazi ga aylangan. 1755 yildagi halokatli zilziladan so’ng shahar butunlay qayta qurilgan. 1807-08 yillarda Lissabonni Napoleon askarlari bosib olgan. Lissabon va shahar atrofida metallurgiya, mashinasozlik (kemasozlik va kema remonti, vagonsozlik, metall va elektrotexnika jihozlari ishlab chiqarish va boshqalar), kimyo (jumladan, sintetik kauchuk va farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish) va metallsozlik, neftni qayta ishlash, oyna-shisha, chinni, yog’ochsozlik sanoatining ko’plab korxonalari mavjud. Xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarish bilan bog’liq bo’lgan to’qimachilik, tikuvchilik sanoatlari jadal rivojlandi. Lissabonda yirik birlashmalarning boshqaruv organlari, savdo firmalari, yirik banklar, chet el kompaniyalari vakolatxonalari joylashgan. Lissabon xalqaro turizmning yirik markazlaridan. Balneologik kurort va dam olish zonalari va uning atrofida me’moriy yodgorliklari ko’p: San-Jorji qal’asi (14-asr), Jeronium monastiri (1502-20), qirol saroyi (16-asrda tiklangan) va boshqalar. Lissabonda universitet, katolik universiteti, Fanlar Akademiyasi, Xarbin akademiya, Milliy musiqa akademiyasi, nafis san’at maktabi, ilmiy tadqiqot muassasalari, muzeylar, teatrlar, kartinalar galereyasi, botanika bog’i bor.