Lixtenshteyn
Lixtenshteyn (Liechtenstein), Lixtenshteyn Knyazligi (Furstentum Liechtenstein)— Markaziy Yevropadagi davlat (knyazlik). Reyn daryosining o’ng sohilida, Avstriya bilan Shveytsariya orasida joylashgan. Maydoni 160 km2, aholisi 32,5 ming kishi (2001); ko’pchiligi Lixtenshteynliklar (asli avstriyaliklar va shveytsariyalik nemislar). Davlat tili — nemis tili. Hukmron dini — Katolisizm. Poytaxti — Vadus shahri. Yirik shaharlari: Shan, Baltsers, Trizen. Lixtenshteyn hududi ma’muriy jihatdan 11 jamoaga bo’linadi. Davlat tuzumi. Lixtenshteyn — Konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi Konstitutsiyasi 1921 yil 5 oktabrda kuchga kirgan (1938, 1939, 1965 va 1990 yilda o’zgartirishlar kiritilgan). Davlat boshlig’i — Knyaz (1990 yildan Knyaz Xans Adam II fon Lixtenshteyn). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Knyaz va bir palatali parlament (Landtag), ijroiya hokimiyatni hukumat — bosh vazir, uning o’rinbosari va 3 a’zo amalga oshiradi. Tabiati. Lixtenshteyn hududining ko’p qismini Alp tog’larining tarmoqlari egallagan. G’arbida Reyn vodiysi joylashgan. Iqlimi mo’tadil, yillik yog’in — 700-1200 mm. Hududining 1/4 qismi o’rmon, asosan, qoraqarag’ay, qora qayin, eman o’sadi. Tog’larda subalp va Alp o’tloqlari bor. Tarixi. Lixtenshteyn hududi rimliklar davrida Resiya viloyatiga kirgan (miloddan avvalgi 15-yildan). Ilk o’rta asrda Shvabiya gersogligining bir qismi. Keyinchalik bu yerda Vadus grafligi (1342) va “Muqaddas Rim imperiyasi” tarkibidagi Shellenburg o’lkasi tashkil topdi. 1699-1712 yillarda bu o’lkani Avstriya knyazi Lixtenshteyn sotib oldi. 1719 yil Vadus bilan Shellenberg birlashib, Lixtenshteyn knyazligi vujudga keldi. 1806 yil Lixtenshteyn Reyn Ittifoqi, 1815— 66 yillarda Germaniya Ittifoqi tarkibida. 1921 yildan Lixtenshteyn rasmiy jihatdan mustaqil davlat, amalda esa 1923 yilda tuzilgan bojxona Ittifoqiga ko’ra, Shveytsariya ichki iqtisodiy mintaqasi hisoblanadi. Lixtenshteynning chet ellardagi diplomatiya va konsullik manfaatlarini Shveytsariya himoya qiladi. Lixtenshteyn — 1990 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 14 Fevral — Knyaz tug’ilgan kun (1945). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Taraqqiyparvar byurgerlar partiyasi, 1918 yil tashkil topgan; vatandoshlar Ittifoqi, 1936 yilda tuzilgan; Erkin ro’yxat, ekologiya partiyasi, 1985 yilda asos solingan. Mehnat-kashlar Ittifoqi kasaba uyushmasi, 1936 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Lixtenshteyn — industrial-agrar mamlakat. Mehnatga yaroqli aholining 45,2% sanoatda, 45% xizmat ko’rsatish tarmog’ida band. Metallsozlik, priborsozlik, mashinasozlik (press va shtamplash uskunalari, hisoblash va aniq mashinalar, yuksak vakuumli texnika), kimyo-farmasevtika, to’qimachilik, oziq-ovqat, yog’ochsozlik, kulolchilik korxonalari, chinnidan yasama tosh tayyorlash fabrikasi, elektr stansiyalari bor. Yiliga o’rtacha 153 million kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Elektron texnika, mikroprosessorlar ishlab chiqarish, ayniqsa, rivojlangan. Sanoat mahsulotining ko’p qismi eksport qilinadi. Qishloq xo’jaligida mehnatga layoqatli aholining atigi 2% band. Chorvachilik, ayniqsa, sut-go’sht yetishtirish (qishloq xo’jaligi mahsulotining 75%) ustun. Sabzavotchilik, bog’dorchilik, tokchilikdan yuqori hosil olinadi. Avstriyadan Shveytsariyaga boradigan temir yo’l va avtomobil yo’llari Lixtenshteyn orqali o’tadi. Lixtenshteyn — xalqaro moliya markazlaridan biri. Xorijiy sayyohlik rivojlangan. Pul birligi — Shveytsariya franki. Madaniyati. 6 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalar o’qishi majburiy. O’qish muddati — boshlang’ich maktabda 5, to’liqsiz o’rta maktabda 3, to’liq o’rta maktab (gimnaziya) da 5 yil. Gimnaziyada o’qishni davom ettirmaydigan bolalar 8 yillik xalq maktabida o’qishga majbur. Davlat maktablari bilan birga xususiy maktablar ham bor. Oliy ma’lumot olmoqchi bo’lganlar chet ellarga, asosan, Avstriya, Germaniya va Shveytsariyaga borib o’qiydi. Vadus shahrida kechki texnikum, musiqa maktabi, Davlat muzeyi bor. “Lixtenshteyner faterland” (“Lixtenshteyn vatani”, 1913 yildan) va “Lixtenshteyner folsblat” (“Lixtenshteyn xalq varaqasi”, 1878 yildan) gazetalari nashr etiladi. Press-und informationsamt hukumat matbuot va axborot agentligi (1962) va Lixtenshteyn radiosi (1995) faoliyat ko’rsatadi. Lixtenshteyn hududida bir qancha me’moriy yodgorliklar: Vadus, Baltsers va Nendeln atroflarida Rim istehkomlarining qoldiqlari, o’rta asr qasrlarining vayronalari saqlanib qolgan. Vadus va Gutenberg qasrlari, Eshendagi cherkov, Trizen va Trizenbergdagi ibodatxonachalar qayta tiklangan.