Lizosoma

Lizosoma (lizo… va …Soma) — hujayra organoidi, hujayra ichida oziq xazm bo’lishini ta’minlaydi. Zamburug’lar va hayvonlar hujayrasida bo’ladi. Shakli pufakchaga o’xshash, bir membranali, diametri 0,2—0,8 mkm. Membranasi va matriksida 20 dan ortiq gidrolitik fermentlar (fosfataza, nukleazalar, katepsin, kollagenaza, glyukuronidaza, glyukozidaza va boshqalar) bor. Fermentlari kuchsiz kislotali muhitda faol. Hujayrada o’nlab Lizosoma bor. Golji apparatida hosil bo’ladi. Dastlab Fermentlari passiv bo’lib, birlamchi Lizosoma endositoz pufakchalar (fagosomalar) bilan qo’shilgach, ularning fermentlari faollashadi va yutilgan oziq moddalar hazm bo’la boshlaydi, ya’ni ikkilamchi Lizosoma — hazm vakuollari shakllanadi. Lizosoma -hujayraning o’zini hazm qiladigan bo’lsa (avtoliz) avtofagirlovchi vakuollar (avtofagosomalar, tsitolizosomalar) deyiladi. Lizosoma yaxlit xujayra yoki hujayra oralig’i moddalarini chiqarib tashlash (itbaliqlar dumining so’rilib ketishi, Tog’ay o’rnida suyak hosil bo’lishi, yallig’langan joydagi to’qimalarning yemirilishi)da ham ishtirok etishi mumkin. Ikkilamchi Lizosomalarda oziq moddalarning chala parchalanib, qoldiq moddalarning to’planib borishi hujayraning qariganligini ko’rsatadi. O’simlik hujayrasida Lizosomalar topilmagan.