Lotin Amerikasi
Lotin Amerikasi (ispancha America Latina) — Shimoliy Amerikaning Janub qismida, Rio-Bravodel – Norte daryosidan Janubda (Markaziy Amerika va Vest-Indiya bilan birga) va Janubiy Amerika joylashgan mamlakatlarning umumiy nomi. Umumiy maydoni 20,5 million km2. Lotin Amerikasida Antigua va Barbuda, Bagama Orollari, Barbodos, Beliz, Gaiti, Gvatemala, Gonduras, Grenada, Dominika, Dominikana Respublikasi, Kostarika, Kuba, Meksika, Nikaragua, Panama, Salvador, Sent-Vinsent va Grenadina, Sent-Kits va Nevis, Sent-Lyusiya, Trinidad va Tobago, Yamayka, Argentina, Boliviya, Braziliya, Venesuela, Gayana, Kolumbiya, Paragvay, Peru, Surinam, Urugvay, Chili, Ekvador davlatlari va Buyuk Britaniya, Frantsiya, Niderlandiya hamda AQSh mulklari joylashgan. Lotin Amerikasi aholisi etnik tarkibi jixatidan juda xilma-xil. Lotin Amerikasi mamlakatlarida Yevropadan ko’chib borganlar va ularning avlodlari, metislar, mulatlar, indeyslar, negrlar, xitoylar, hindlar va boshqalar yashaydi. 18 mamlakatda davlat tili yoki rasmiy til — ispan tili, Braziliyada Portugal tili, Gaitida frantsuz tili, Surinamda niderland tili, qolgan mamlakatlarda ingliz tili. Lotin Amerikasi aholisining ko’pchiligi so’zlashadigan roman tillari lotin tili negizida tashkil topganligi sababli qit’aning bu qismi “Lotin Amerikasi” deb ataladi. Yevropalik istilochilar bosib olgunlariga qadar Lotin Amerikasi aholisi bo’lgan indeys qabilalari ilk sinfiy davlatlarni vujudga keltirgan. Bu xalqlarning ayrimlari o’z yozuvlarini ham ixtiro qilishgan, shuningdek astronomiya, matematika va tibbiyot fanlari sohalarida, rangli metallarga ishlov berish, to’quvchilik, qurilish texnikasi, dengizchilik, tasviriy san’atda ancha yutuqlarga erishishgan. 15-asrning oxirlarida X. Kolumbning Amerika qit’asiga ilk bor borishi bir qancha Yevropa mamlakatlari tomonidan Lotin Amerikasining bosib olinishini boshlab berdi. 19-asrning boshlariga kelib uzoq vaqt davom etgan mustaqillik uchun kurashlar deyarli barcha mustamlakalarning siyosiy mustaqillikni qo’lga kiritishi bilan yakunlandi. Lotin Amerikasining 26 mamlakati a’zo bo’lgan Lotin Amerikasi iqtisodiy sistemasi deb nomlanuvchi regional iqtisodiy tashkilot (qarorgohi Karakasda) hamda 11 mamlakat a’zo bo’lgan Lotin Amerikasi integratsiya assotsiatsiya (uyushma)si deb nomlanuvchi savdo-iqtisodiy guruh (qarorgohi Montevideoda) tashkil etilgan. Lotin Amerikasi tabiiy resurslarga juda boy. Temir rudasi, boksit, oltin, mis, kobalt, nodir va noyob metall konlari, Atlantika okeani sohilida neft va gaz konlari bor. Tuprog’i va iqlim sharoitlari Lotin Amerikasida qimmatbaho tropik o’simliklar, jumladan kakao, shakarqamish, kofe, tsitrus mevalar va boshqalarni yetishtirish imkonini beradi. Qisman tropik va subtropik o’rmonlar saqlanib qolgan. Lotin Amerikasining iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mamlakatlari — Braziliya, Argentina va Meksika. Lotin Amerikasi mamlakatlari eksportining 80%ni xom ashyo tovarlari tashkil etadi, chetdan esa, asosan, tayyor mahsulot keltiriladi.