Lulliy (Lullius) Raymund
Lulliy (Lullius) Raymund (1235, Malorka — 1315, Tunis) — ispan faylasufi, yozuvchi va ilohiyotshunos. 30 yoshida saroy shoiri sifatidagi faoliyatini to’xtatib, frantsiskanlar ordeniga a’zo bo’lib kirgan va missionerlik bilan shug’ullangan. Keyinchalik Shimoliy Afrikada murabbiylik qilgan. Musulmon va yahudiy ilohiyotshunosligini mukammal bilgan, Yevropada arabshunoslikka asos solgan. Lulliydan Arab va Katalan tilida yozilgan 300 ga yaqin asar qolgan. Lulliy dunyoqarashi frantsiskanlar va Avgustin ta’sirida shakllangan. U averroizm va uning 2 haqiqat to’g’risidagi ta’limotiga qarshi chiqib, haqiqiy bilimga ilohiy kashf orqaligina erishish mumkin, deb hisoblaydi. Lulliy fikricha, olam — Xudoning timsoli, har bir narsada ilohiy komillik mujassam bo’lgan. Mazkur ta’limotni takomillashtirish maqsadida Lulliy tushunchalarning ramziy ma’nolarini qo’llab, mantiqiy tajribalarni modellashtirish uslublarini ishlab chiqdi. U o’zining “Buyuk san’at” (“Ars magna”, 1480) asarida mantiqni haqiqat va yolg’onni o’zaro farqlashga yordam beradigan san’at deb baholaydi. Shu maqsadda u mantiqiy tafakkurning yangi haqiqatni ochish uslubini maxsus mexanik moslama orqali modellashtirishga harakat qilgan.