Lyubek
Lyubek — Germaniyaning shimolidagi shahar, Shlezvig-Golshteyn yerida. Trave daryosining Boltiq dengizining Lyubek buxtasiga quyilishi yaqinida joylashgan. Temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni, yirik port. Lyubek bilan Trelleberg (Shvetsiya), Xanko (Finlyandiya) shaharlari orasida Parom qatnaydi. Aholisi 214 ming kishi (1998). Asosiy sanoat tarmoqlari: qora metallurgiya va mashinasozlik (xususan, kemasozlik, aviasozlik, traktorsozlik). Kimyo-farmasevtika, yog’ochsozlik, oziq- ovqat (baliq konservalash, un tortish) sanoatlari ham rivojlangan. Konservatoriya, san’at va madaniyat tarixi muzeyi bor. Me’moriy yodgorliklardan kafedrali sobor (12-14-asrlar), cherkov, ratusha, Burgtor va Xolstentor shahar darvozalari, San-Anna ibodatxonasi saqlangan. Shaharga 1143 yilda asos solingan. 1226 yildan imperiyaning erkin shahri, Ganzayanng bosh shahri; 1815-1937 yillarda yana erkin shahar bo’lgan.