Madagaskar
Madagaskar (malagasicha Madagasikara, Fransuzcha Madagascar) Madagaskar Respublikasi (malagasicha Republika Malagasy, Fransuzcha Republique de Madagascar) — Hind okeanining g’arbida, Afrikaning Janubiy-Sharqiy qirg’og’idan 400 kilometr Sharqdagi Madagaskar oroli va unga yondosh mayda orollarda joylashgan davlat. Maydoni 595,8 ming km2. Aholisi 16 millionga yaqin kishi (2001). Poytaxti—Antananarivu shahri. Ma’muriy jihatdan 6 Muxtor regionga bo’linadi. Davlat tuzumi. Madagaskar — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1992 yil 12 sentabrda qabul qilingan, 1998 yil 15 martda unga tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident (2002 yildan Mark Ravalomana). U to’g’ri umumiy ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi va bir marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat -2 palatali parlament (millat Majlisi va Senat). Ijroiya hokimiyatni prezident tayinlaydigan bosh vazir va hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Qirg’oqlari bir oz egri-bugri. Sharqiy sohilida qumtepalar bor, g’arbiy qirg’og’ini marjon riflari o’rab olgan. Janubiy va shimoliy qirg’oqlari baland va tik. Orol shimoldan Janubga tomon 800 kilometr cho’zilgan. Baland plato deb atalgan yassitog’lik paleozoy oxirida Afrika materigidan ajralgan. Aksar qismining balandligi 800-1200 metr, Sharqiy chekkasi 1500 metr. Orolning eng baland qismi uning shimoldagi Tsaratanana vulkanli massivida (2876 metr). So’ngan vulkan ko’p. Tez-tez zilzila bo’lib turadi, issiq buloqlar bor. Grafit, xromit, kvars, slyuda, uran, oltin, qimmatbaho tosh va hokazolarning yirik konlari bor. Temir rudasi, toshko’mir, boksit zaxiralari mavjud. Iqlimi tropik, shimoli-g’arbida ekvatorial mussonli, Sharqiy sohilida issiq va sernam. O’rtacha oylik temperatura 13— 20° dan 27-33° gacha. Yillik yog’in 500— 3000 mm va undan ortiq. Daryo ko’p, noyabr—aprelda sersuv. Daryolarning quyi oqimida kema qatnaydi. Yirik daryolari: Sufia, Besibuka, Maxavavi, Manguki, Unilaxi. Eng katta ko’li — Alautra. Baland platoning tuprog’i qizil ferralit, kam unum. Vulkan jinslari ustida unumdor qora tuproqlar, sohillarda qizilsariq va qizil ferralit, jigarrang-qizil lateritlashgan, qizil-ko’ng’ir tuproqlar tarqalgan. Bu yerdagi o’simlik turlarining aksar qismi — mahalliy, jaydari o’simliklar (ravenala, angrekum orxideyasi). Sohilda palmazorlar, g’arbida tikanli daraxt va butazorlar bor. Hududining 10% ga yaqini o’rmon. Hayvonlari: lemur va tenrek, yirtqichlardan viverralar (mangusta, fossa) bor. Qushlardan yashil to’ti, ko’k kaptar, tsesarka, sultontovuq va hokazolar yashaydi. Xameleon, gekkon, bo’g’ma ilon, timsoh kabi sudraluvchilar bor. Noyob va nodir hayvonlarni saqlash maqsadida Tsingi-dyu-Bemaraxa, Tsaratanana, zaxamena, Anduxaxelu, Andringitra qo’riqxonalari, Ambr, Isalu milliy bog’lari tashkil etilgan. Aholisining 99% ga yaqini malagasilar. Frantsuzlar, qamarliklar, arablar, hindlar, pokistonliklar ham yashaydi. Rasmiy tillari — malagasi va Fransuz tillari. Aholining 45% mahalliy an’anaviy dinlarga e’tiqod qiladi; 50% xristian, qolgan qismi musulmon. Aholining 22% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Antananarivu, Tuamasina, Maxadzanga, Antseranana, Fianaransua, Tuliara, Antsirabe. Tarixi. Miloddan avvalgi 10-6-asrlarda orolga indonezlar, polinezlar, Melanezlar, keyinchalik arablar va Afrikaning Sharqiy sohilidan bantu xalqlari kelgan. 14-asrda Madagaskar markazida Imerina davlati tashkil topdi. 16-17-asrlarda Madagaskarning g’arbida sakalava, sharqida besimisaraka va markazida besileularning davlatlari bo’lgan. 19-asrda ular markazlashgan Malagasi (yoki Madagaskar) qirolligi tarkibiga kirgan. 19-asrning 40-70-yillarida iqtisodiyot va madaniyat rivojlandi. 1883 yil frantsuz qo’shinlari bostirib kirdi. Qonli urushlardan so’ng Madagaskar hukumati Frantsiya protektoratini tan olishga majbur bo’ldi (1885). 1896 yildan Madagaskar Frantsiya mustamlakasiga aylangach, mamlakat Frantsiyaning agrar xom ashyo bazasi bo’lib qoldi. Biroq malagasi xalqi mustaqillik uchun kurashni to’xtatmadi, milliy ozodlik harakati, ayniqsa, 2-jahon urushidan so’ng keng avj oldi. 1947 yilgi qurolli qo’zg’olonni frantsuz qo’shinlari bostirdi, lekin vatanparvarlar bilan mustamlakachilar o’rtasidagi to’qnashuv 2 yilgacha davom etdi. 1958 yil Madagaskar Frantsiya hamjamiyati tarkibidagi Muxtor Respublika deb e’lon qilindi. 1960 yil 26 iyunda Madagaskar mustaqillikka erishdi. 1975 yil dekabrdan mamlakat Madagaskar Demokratik Respublikasi deb atala boshladi. Hukumat siyosiy mustaqillikni mustahkamlash va iqtisodiy mustaqillikka erishish, mehnatkashlar ahvolini yaxshilash yo’lini tutdi. 1992 yildan Madagaskar Respublikasi deb ataldi. Madagaskar 1960 yildan BMT a’zosi. 1992 yil 4 aprelda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi. Milliy bayrami — 26 iyun — Mustaqillik kuni (1960). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Madagaskar mustaqilligi Kongressi partiyasi, 1958 yil tuzilgan; Madagaskar mustaqilligi uchun milliy harakat partiyasi, 1958 yil asos solingan; Madagaskar taraqqiyoti uchun harakat partiyasi, 1972 yil tashkil topgan; Vundzi (“Milliy birlik xalq shijoati”) partiyasi, 1973 yil tuzilgan; Hayotbaxsh kuchlar qo’mitasi, 1991 yil asos solingan; Madagaskar yangilash avangardi, 1993 yil tuzilgan; Fixaonana partiyasi, 1993 yil tashkil topgan. Inqilobiy malagasi mehnatkashlari kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1977 yil tuzilgan; Madagaskar mehnatkashlari kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1956 yil asos solingan. Xo’jaligi. Madagaskar — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jaligining ulushi 28,3%, sanoatning ulushi 14,6%. Qishloq xo’jaligi Madagaskar iqtisodiyotining asosini tashkil qiladi. Ekin maydonining 60% dan ortiq tshemila sholi yetishtiriladi. Shuningdek, maniok, makkajo’xori, paxta, batat, yer yong’oq, kartoshka va boshqalar ekiladi. Eksport uchun kofe, vanil, qalampirmunchoq, shakarqamish, tamaki yetishtiriladi. Chorvachilikda, asosan, qoramol (zebu), qo’y, echki, cho’chqa, tovuq boqiladi. Baliq ovlanadi. Sanoati. Konchilik sanoati rivojlangan. Xromit, grafit, slyuda, kvars, temir, urantoriy rudalari, kam uchraydigan va suvda erimaydigan metallar qazib olinadi. Qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan (un tortish, sholi oqlash, go’sht-konserva, qand-shakar, tamaki) korxonalar ko’p. Bir necha mayda issiklik elektr stansiyalari va GESlar, ip gazlama fabrikalari, tsement zavodi bor. Yiliga o’rtacha 430 million kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Sanoat markazlari: Antananarivu, Tuamasina, Antsirabe, Maxadzanga. Avtomobil — mamlakat transportining asosiy turi. Avtomobil yo’llarining uzunligi 40 ming kilometr, temir yo’l uzunligi -1 ming kilometr. 18 dengiz porti bor; asosiylari Tuamasina va Maxadzanga. Madagaskar chetga kofe, qalampirmunchoq, vanil, sholi, qand, go’sht va go’sht-konserva, baliq, sizal, grafit, slyuda chikaradi. Chetdan mashina va qurilmalar, qurilish ashyolari, neft mahsulotlari, gazlama, oziq-ovqat oladi. Tashki savdoda Frantsiya, Germaniya, AQSh, Yaponiya, Italiya, JAR bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — malagasi franki. Tibbiy xizmati. Madagaskarda davlat tibbiy xizmati tizimi mavjud. Poytaxt universiteti huzuridagi milliy tibbiyot maktabi 5 yilda vrachlar tayyorlaydi. Maxsus maktablarda o’rta malakali tibbiyot xodimlari ta’lim oladi. Maorifi va ilmiy muassasalari. Mustaqillikka erishilgandan keyin 1975 yildan boshlab xalq maorifini tubdan qayta qurishga kirishildi. 4 yillik to’liqsiz o’rta maktab va to’liq o’rta ma’lumot beradigan litseyni o’z ichiga oluvchi o’rta ta’lim joriy etilgan. Davlat maktablarida o’qish bepul. Xususiy maktablar ham bor. Quyi hunar-texnika ta’limi boshlang’ich maktab negizida, o’rta texnika ta’limi 7 yil davomida boshlang’ich yoki 3 yil davomida to’liqsiz o’rta maktab negizida amalga oshiriladi. Oliy o’quv yurtlari: Antananarivuda universitet (1961), milliy aloqa va telekommunikatsiya instituti, Milliy Elektrotexnika instituti, Pedagogika instituti, qishloq joylarda ishlash uchun kadrlar tayyorlash instituti, Antserananada Oliy politexnika maktabi, Maxadzangada savdo dengizchiligi milliy maktabi. Antananarivuda Malagasi akademiyasi (1902), geologiya xizmati, Madagaskar geografiya milliy instituti (1945), Rasadxona, Agronomiya tadqiqoti instituti, Tropik veterinariya tadqiqot instituti va boshqa ilmiy muassasalar, Milliy kutubxona, universitet kutubxonasi, munisipal kutubxona, Milliy arxiv, badiiy va arxeologiya muzeyi, Milliy tarix muzeyi bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Madagaskarda bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: “Jurnal ofisel de la Repyublik de Madagaskar” (“Madagaskar Respublikasi rasmiy gazetasi”, frantsuz va malagasi tillarida chiqadigan xaftalik hukumat xabarnomasi, 1883 yildan), “Imungu Vau-Vau” (“yangi Imungu”, malagasi va Fransuz tillarida chiqadigan kundalik gazeta, 1955 yildan), “Maresaka” (“Yangiliklar”, malagasi tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1954 yildan), “Saxi” (“mardona”, malagasi tilida chikadigan kundalik gazeta, 1958 yildan), “Sosialisma mpiasa” (“Sosializm va ishchi”, malagasi tilida chiqadigan oylik gazeta, 1980 yildan), “revyu de l’o-Sean Enden” (“Hind okeani muammolari bo’yicha jurnal”, frantsuz tilida chikadigan oynoma, 1980 yildan). “Taratra” milliy axborot agentligi, hukumat Mahkamasi, 1977 yilda asos solingan. Malagasi milliy radioeshittirishi, hukumat Mahkamasi, 1931 yilda tashkil etilgan. 1967 yildan teleko’rsatuvlar beriladi; Malagasi milliy televideniesi mavjud. Adabiyoti 19-asrning 2-yarmidan malagasi va frantsuz tillarida rivojlana boshladi. Malagasilarning qadimgi og’zaki ijodiyoti turli she’r va qo’shiqlardan, afsona va ertaklardan iborat bo’lgan. Dastlabki yozma adabiy yodgorliklari 12-asrda malagasi tilida Arab yozuvidagi tarixiy yilnomalardan iborat. Lotin alifbosi joriy etilganidan keyin (1823) adabiy til rivojlana boshladi. 1835 yilda Bibliya malagasi tiliga tarjima qilindi. 1870 va 1877 yillarda ertaklar to’plamlari, 1870 yilda liniy madhiyalar to’plami nashr etildi. 1860-80 yillarda paydo bo’lgan davriy matbuotda dastlabki Nasr va nazm asarlari e’lon qilindi. 1872-83-yillarda F. Kallening “qirollar tarixi” nomli ko’p jildli tarixiy asari, A. Ravuadza- naxari va Ts. Radzaunaxning ilk romanlari bosilib chiqdi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida an’anaviy she’r shakllari takomillashtirildi va yangicha shakllar ishlab chiqildi. Ko’pgina shoir va yozuvchilar “Basivava” va “Lakulusi vulamena” jurnallari tevaragida birlashib, “VI, vatu, sakelika” jamiyatiga kirdilar. 20-yillar oxirida J. J. Rabearive- Lu, Sh. Radzuelisulu va ni Avana kabi yozuvchilar millim madaniyatni saqlab qolish harakatiga boshchilik qildilar. Adabiyotda o’ziga xos adabiy shakllar himoya qilindi, mamlakat tabiati, xalq urf-odatlari, o’tmish qahramonlarining jasorati madh etildi. 40-yillar atoqli malagasi adibi E. D. Andriamalalaning ijodiy faoliyati barq urgan davr bo’ldi, uning “da’vat”, “suv parisi”, “gard”, “Makr”, “mamnu ne’mat” romanlari paydo bo’ldi. Mustaqillik yillari adabiyoti, asosan, malagasi tilida rivojlandi, zamonaviy jamiyatdagi murakkab jarayonlarni tasvirlovchi asarlar yaratildi. 70-80-yillar Nasri va nazmida mustamlakachilik qoldiqlari, turli millat vakillarining o’zaro munosabatlari, xalqlarning teng huquqlilik, milliy mustaqillik yo’lidagi kurashi aks etdi. Me’morligi. Madagaskar xalq me’morligida umumiy tomonlar bo’lsa ham, lekin turli joylarda o’ziga xos xususiyatlarga ega: Madagaskar orolining shimoli-g’arbidagina doirasimon kulbalar unda-bunda uchrab turadi. Sernam tropik viloyatlarda qoziq oyoqli yog’och uylar qurilib, tomi palma barglari bilan yopilgan, qurg’oqchil joylarda qamish uylar, orolning shimoliy- g’arbiy qismida poxol tomli bambuk uylar quriladi. Mamlakatning mo’tadil iqlimli Markaziy qismida 1-2 qavatli uylar oq yoki qizil tuproqdan barpo etiladi, tomiga poxol yoki cherepisa yopiladi. Shamoldan asrash uchun eshik va derazalar faqat G’arb va shimol tarafga o’rnatiladi. 19-asr oxiri —20-asr boshlarida shahar qurilishi rivojlandi. 20-yillarda Fransuz me’mori G. Kasen Antananarivu, Tamatava, Antsirabe shaharlarini qayta qurish loyihalarini tuzdi. Saroylar, Cherkovlar, maqbaralar yevropacha eklektizm uslubida qurila boshladi. 60-yillardan imoratlarni zamonaviy sodda shakllarda beton konstruktsiyalardan foydalanib, oynavand qilib qurishga, ularga quyosh nurini to’suvchi moslamalar o’rnatishga o’tildi. Tasviriy san’ati. Hunarmandchilikda yog’och o’ymakorligi, badiiy to’qimachilik keng tarqalgan. Tasviriy va bezak san’ati uslub jihatdan ko’proq Janubiy-Sharqiy Osiyo va Okeaniya uslubiga o’xshaydi. Sakalava va maxafali xalqlari qabristonlarda marhumlarning yog’ochdan o’yib ishlangan qiyofalarini, qush tasvirlari yoki 2-5 metr balandlikdagi “alualu” ustunlarini o’rnatadilar. Yog’ochdan yasalgan ro’zg’or asboblariga o’yma naqshlar solinadi, buqa, qush va afsonaviy jonivorlar tasviri tushirilib, rangbarang qilib bo’yaladi. Shakarqamish va oddiy qamishdan to’qilgan bo’yra, qalpoq, savatlarning, rafiya palmasi tolasidan to’qilgan ziynatli gazmollarning gullari ham uslub jihatdan o’shalarga o’xshab ketadi. Zamonaviy rangtasvir esa xalq san’ati an’analari ruhida rivojlanib borayotir. V. Ravelunanushi – Razafimbe- Lu, E. Rabeshaxala, L. Radzunush, Ranivushun kabi rassomlar yetishib chiqqan. Musiqasi. Madagaskar musiqiy madaniyati ildizlari qadimgi malagasi-polinez madaniyati bilan bog’liq. Zamonaviy musiqasi Hind okeani orollari, avvalo Indoneziya xalqlarining musiqiy an’analari, shuningdek, Afrika, Arabiston, Yevropa (asosan, Frantsiya) madaniyatining o’ziga xos tarzdagi birikuvidan iborat. Cholg’u asboblari juda xilma-xil. Ko’pgina qo’shiqohanglari cho’ziq va mayin. Bir necha asrlardan beri davom yetib kelayotgan “xiragasi” deb atalgan raqs-qo’shiq tomoshalari, ayniqsa, ommalashgan. Antananarivudagi Madagaskar drama va xalq san’ati institutida boshqa fanlar qatori an’anaviy qo’shiq va raqs darsi ham joriy etilgan. P. Ralaiarimanana rahbarligidagi Madagaskar ashula va raqs ansambli mashhur. 20- asr boshlarida kompozitorlik ijodiyoti shakllanib, J. D. Rambemanatara, B. Rabaridzauna kabi mahalliy mualliflar tanildi. Kinosi. Birinchi malagasi filmi — “Gitram Balafossi” 1957 yilda yaratilgan. Haqiqiy milliy kinematografiya 1972 yildan keyin vujudga keldi. 1973 yilda “g’aroyib voqea” nomli badiiy film (rejissyor B. Ramanpi), 1975 yilda to’la metrajli “qaytish” (rejissyor S. Randrasina) filmi ekranga chiqdi. 1976 yilda Malagasi kino boshqarmasi tuzilib, uning huzurida o’quv filmlari markazi tashkil etildi. Bu markaz sog’liqni saqlash va tabiatni asrash muammolari haqida kartinalar yarata boshladi. Keyingi yillarda Madagaskar kinochilari sakalava xalqining milliy bayramiga bag’ishlab “Fitam- Poa” (rejissyor J. K. Raaga), yoshlarning diniy aqidalarga qarshi kurashi haqida “Madagaskar yoshlari” (rejissyor Randrinarisun) to’la metrajli filmlarini chiqarishdi. Mamlakatda 50 ta kinoteatr bor, chet ellardan yiliga 200 ta film sotib olinadi.