Magmatik tog’ jinslari
Magmatik tog’ jinslari – otqindi tog’ jinslari. Magmannng Yer pusti va yer yuzasida sovushi va kristallanishi natijasida vujudga keladi. Magma chuqurlikda, yer pustida, shuningdek, oqib chiqqach, yer ustida ham qotishi mumkin. Shunga qarab Magmatik tog’ jinslarini 2 asosiy sinfga: intruziv tog’ jinslari va effuziv tog’jinslariga bo’ladilar. Tarkibidagi kremnezyom miqdoriga qarab Magmatik tog’ jinslarining nordon, o’rtacha, asosli va o’ta asosli guruhlari farq qilinadi. Magmatik tog’ jinslari barcha burmali oblastlar, platformalar zamini, qalqonlar, hozirgi okeanlarda uchraydi. Magmatik tog’ jinslari guruhlari bilan muayyan foydali qazilmalar bog’liq. Masalan, nordon Magmatik tog’ jinslari bilan qalay, volfram, oltin rudalari, asoslilari bilan titanomagnetit, mis rudalari, o’ta asoslilari bilan xrom, platina, nikel rudalari, ishqoriy-o’ta asoslilari bilan titan, fosfor, kamyob yer elementlari rudalari va hokazolar. Magmatik tog’ jinslaridan qurilish (tuf, labradorit), abraziv, issiqlikni o’tkazmaydigan material sifatida, shuningdek, ayrim metallar (masalan, alyuminiy)ni ajratib olishda foydalanish mumkin.