Magnitometr

Magnitometr (magnit va … metr) — magnit induktsiya, magnit maydon kuchlanganligi va doimiy magnitlarning magnit momentlarini o’lchash uchun mo’ljallangan asbob. Magnitomexanik, elektromagnit, induktsion va ferrozond Magnitometrlar bor. Magnitomexanik Magnitometrda o’lchanayotgan magnit maydonda 2 doimiy magnit o’zaro ta’sirlashadi, natijada ulardan biri muayyan burchakka og’adi. Bunday Magnitometr mutlaq (masalan, magnit teodolit) va nisbiy (masalan, kvars asbob) o’lchashlar uchun qo’llaniladi. Elektromagnit Magnitometrda tekshirilayotgan magnit maydon g’altakdagi elektr toki magnit maydoni b-n taqqoslanadi. Induktsion Magnitometrning ishi elektromagnit induktsiya hodisasiga asoslangan. Ferrozond Magnitometrning ishi o’zgaruvchan tok o’tadigan chulg’amli o’zakning magnit o’tkazuvchanligi o’lchanayotgan magnit maydon ta’sirida o’zgarishi hodisasiga asoslangan. Magnitometr yordamida yer va boshqa sayyoralarning magnit maydoni o’lchanadi, magnit o’zgarishlariga doyr hodisalar o’rganiladi, foydali qazilma konlari qidiriladi; magnit materiallarning xossalari o’lchanadi va boshqa ilmiy hamda amaliy ishlar bajariladi.