MAHALLIY O’ZINI O’ZI BOSHQARISH

MAHALLIY O’ZINI O’ZI BOSHQARISH — hokimiyatning bir turi; fuqarolarning joylarda davlat va jamiyat ishlarida ishtirokini ta‘minlash, davlatning ayrim funksiyalarini amalga oshirish vositasi. Ko’pchilik mamlakatlarda mahalliy miqyosda davlat hokimiyati organlari tashkil etilmay, u yerda faqat Mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlari tuziladi. Masalan, Rossiyada aholi hokimiyatning vakolatli organlari (munitsipial yig’ilishlar, kengashlar, qo’mitalar va shu kabilar), fuqarolarning tegishli boshqaruv organlari (mahalliy ma’muriyat), yig’inlari va boshqalar Mahalliy o’zini o’zi boshqarishni amalga oshiradi. Mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlari, odatda, davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi. Mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlarining tuzilishini aholi o’zi mustaqil belgilaydi. Mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlariga qonun asosida ayrim davlat vakolatlari berilishi mumkin, bu vakolatlar davlat nazorati ostida amalga oshiriladi. O’zbekistonda joylarda mahalliy davlat hokimiyati organlari ham, Mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlari ham mavjud. Shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda fuqarolarning yig’inlari o’zini o’zi boshqarish organlari hisoblanadi.