MAJNUNTOL

MAJNUNTOL (Salix babylonica L.) toldoshlar oilasiga mansub daraxt. Bo’yi 8-10 metrcha. Poyasi tik, novdalari tuksiz, yaltiroq, uzun va ingichka, egilib o’sadi. Bir yillik novdalari esa mayin tuk bilan qoplangan. Bargi oddiy, nashtarsimon poyada ketma-ket joylashgan. Guli bir jinsli, to’pguli kuchalasimon. Mart— aprelda gullaydi, urug’i tukli. Majnuntol manzarali daraxt sifatida ko’p o’stiriladi. Novdalaridan savatlar, shisha idishlarning g’iloflari, har xil mebel anjomlari va boshqalar to’qiladi. Majnuntol qog’oz ishlab chiqarish va teri oshlashda ham ishlatiladi.