Podshoh Aleksandr miloddan avvalgi 334 va 333 yillarda Gallas-Pontdagi Granik daryosining bo’yida, so’ngra Issa shahrida Ahmoniylarning ustidan g’alabaga erishadi. Shundan keyin u Kichik Osiyo, Suriya, Falastin, Finikiya va Misrni egallaydi. Miloddan avvalgi 331 yilda Mesopotamiyada Ahmoniylar qo’shini yana mag’lubiyatga uchratiladi. Shundan keyin Makedoniyalik Aleksandr tomonidan Bobil, Suzi, Persepol va boshqa Ahmoniylar qo’l ostidagi joylar bosib olinadi. Podshoh Doro III esa qochishga majbur bo’ladi. U nafaqat katta boyliklardan, balki qo’shinning talay qismidan mahrum bo’ladi. Mana shunday nihoyatda og’ir vaziyatda Doro III qo’rqoqlik, ojizlikda ayblanib, qarindoshi Bess tomonidan o’ldiriladi.
Bess o’zini Ahmoniylar davlatining hukmdori deb e’lon qiladi. Miloddan avvalgi 329 yilda Aleksandr Baqtriyani egallab, Bessni asir oladi. U maxsus yig’in tashkil etib, Bessni unga xizmat qilishi haqidagi so’rovini aytib: “O’zining hukmdoriga xoinlik qilib, uni o’ldirgan Bessga ishonmasligini ma’lum qiladi hamda uni o’z hukmdoriga xoinlikda ayblab o’limga mahkum etadi”. Burni kesilib ikki oyog’i egilgan ikki daraxtning uchiga bog’lanadi. Shu tariqa uning tanasi o’rtadan ikkiga ajratib tashlangan.
Aleksandr qayerni bosib olsa, shu yerning aholisini qirib tashladi, boyliklarini taladi. Miloddan avvalgi 329 yilda Aleksandr Samarqandni bosib oladi. Bu yerda u harbiy garnizon va atrof joylardagi qishloqlarni yondiradi. So’ngra u harbiy yurishni davom ettirib, Samarqand bilan Xo’jand oralig’idagi Usrushanga kelganda vatan himoyachilari bilan to’qnashgan. Bu yerda shunday qattiq jang bo’ldiki, 30 ming kishilik vatan himoyachilaridan 22 mingtasi halok bo’ldi. Hatto bu jangda Aleksandrning o’zi jarohatlandi. U Usrushanliklarni vahshiylarcha bo’ysundirgandan keyin Sirdaryo bo’ylab yurishni davom ettiradi. Bu yerda joylashgan yettita shaharning aholisi Aleksandrga qarshi bosh ko’tarib mustaqillik uchun kurashdilar. Ayniqsa Kripol shahrida vatan himoyachilari bilan bosqinchilar o’rtasida qattiq jang bo’lib tub aholidan 8 ming kishi halok bo’ladi. Ko’p kishilar yaralandi. Dushman askarlari katta talafot ko’rdi. Lekin ular g’alabaga erishdilar. Bu yerda ham Aleksandr jarohatlangan edi. U bundan g’azabga to’lib toshib aholining ko’pini qirib tashladi.
Bu vaqtda Baqtriya va Samarqandda bosqinchilarga qarshi umumxalq qo’zg’oloni ko’tarildi. Unga Spitamen degan shaxs boshchilik qildi. Miloddan avval 329 yilda boshlangan bu qo’zg’olon shu darajada kuchli bo’lganki, hatto qudratli podshoh Aleksandrni ham sarosimaga solib qo’ygan. U qo’zg’olonchilar tomonidan Samarqandni qamal qilinganligini eshitib, ularga qarshi qo’shin jo’natadi. Qo’shin yaqinlashganda Spitamen Samarqanddan cho’l tomonga chekinadi. Qo’shin qo’zg’olonchilarning orqasidan yurib jang qilishga da’vat etadi. Ammo Spitamen qo’shinni jo’rtaga cho’l ichkarisiga yaqinlashtiradi. So’ngra unga hujum qilib qirib tashlaydi. Shundan keyin Spitamen Samarqanddagi dushmanning harbiy garnizonini qayta qurshab oladi. Shu bois Aleksandr katta qo’shin bilan Samarqandga yo’l oladi. Spitamen jang qilishdan bosh tortib cho’lga chekinadi. Ammo Aleksandr cho’lning ichkarisiga kirib urushishning xavfsizligini anglab, Spitamen bilan to’qnashishdan bosh tortadi. Biroq u yo’ldagi tub aholini qoldirmay qirib tashlash haqida farmon beradi. Shunisi diqqatga sazovorki, o’limga hukm etilgan 30 ta nufuzli kishilar o’lim jazosi bajarilayotganda ashula aytganlar. Dushmanlar ularning bunday mardligi va jasoratidan hayratlanganlar. Qo’zg’olondan g’azablangan Aleksandr Zarafshon vodiysida kechayu kunduzi bilan odamlarni qirish bilan shug’ullandi. Uning askarlari 120 ming tub aholini boshini tanasidan judo etdilar. Ko’p shahar va qishloqlarning nomigina qolib, aholisi halok etildi. Bunday qilishdan asosiy maqsad ozodlik kurashlarini ildizi bilan qo’porib tashlash hamda o’lkada greklarni joylashtirish uchun sharoit yaratish edi. Shuning uchun ham mintaqada greklar yashaydigan qator shaharlar bunyod etilgan edi. Aleksandr miloddan avval 329-328 yilning qishini Baqtriyada o’tkazadi. Bu yerga Xorazm podshohi Farasman nomidan elchi tashrif buyurib Aleksand bilan do’stlik aloqalarini o’rnatish va unga Qora dengiz tarafiga harbiy yurishda yordam berish istagini bildirdi. Aleksandr bu taklifni mamnuniyatlik bilan qabul qilib, Hindistonga harbiy yurishida Xorazm yordamidan foydalanishini ma’lum qildi. Bu yerda shuni aytish lozimki, Xorazm podshohi bosqinchilarning kuch-qudratini hisobga olib murosa qilishni lozim topdi. Natijada Xorazm o’z mustaqilligini saqlashga erishdi.
Miloddan avvalgi 328 yilning bahorida Aleksandr yana Samarqandga kelib uning atrof joylarida yashiringan qo’zg’olonchilarga qarshi kurashdi. Shundan so’ng u Spitamenni ushlash uchun harbiy qismni jo’natadi. Ammo Spitamen 600 otliq askarlar bilan to’satdan Baqtriyada paydo bo’lib harbiy garnizonga hujum qiladi. U qo’shimcha dushman askarlarini kelayotganligini eshitib, cho’lga chekinadi. Bu yerdan u yana Samarqandga hujum qiladi, lekin 800 kishini yo’qotib chekinishga majbur bo’ladi.
Xullas, vatan himoyachilari Spitamen boshchiligida mustaqillikni tiklash uchun fidokorona jang qildilar. Ammo ular muntazam va yaxshi qurollangan qo’shinga bardosh berolmay pirovardida tor-mor etiladi. Vatan himoyachilarining asosiy qismini esa harbiy mahoratni yaxshi o’zlashtirmagan oddiy kishilar tashkil etgan edi. Bu ozodlik kurashini yengilishiga olib kelgan asosiy omillardan biri edi. Ayrim ma’lumotlarning ko’rsatishicha, Spitamen uyqudaligida xotini o’ldirib, kallasini Aleksandrga yuborgan. Bu holat ham bosqinchilarga qarshi kurashga qattiq zarba bo’lib tushgan. Shuningdek ayrim yuqori tabaqa vakillari shaxsiy manfaatlarini ko’zlab dushmanga xizmat qildilar. Bu xoinlik ham Aleksandr g’alabasini ta’minlashda muhim o’rin egalladi. Ammo xalq ommaviy ravishda Aleksandr tajovuziga qarshi qahramonona kurashib vatanparvarlik namunalarini namoyish etdi. Ozodlik kurashi shu darajada qizg’in tus oldiki, Aleksandrga o’z hukmronligini o’rnatish uchun uch yil (329-327) vaqt sarfladi. U miloddan avvalgi 323 yilda vafot etadi. Shundan keyin uning tuzgan imperiyasi Makedoniya, Misr va Suriyadan iborat uch qismga bo’linib ketadi. Ayni paytda merosxo’r bo’lmaganligi uchun hokimiyat lashkarboshilar o’rtasida taqsimlanadi. Ulardan biri Selevka Bobil mamlakati (Bobil) va uning sharqiga joylashgan mamlakatlarga ega bo’ldi. U Eron va Turkistonni ham qo’l ostiga oladi. Shundan keyin bu yerda ham Selevkiylar sulolasi hukmronlik qilib, xalqni ezib, “suvi”ni ichadi.
Qang’ilar makedoniyalik Aleksandr va Selevkiylarning tajovuzi va hukmronligiga qarshi qattiq qarshilik ko’rsatganlar. Ular jangovar xalq bo’lganliklari tufayli bosqinchilar qanchalik harakat qilmasin baribir ularni bo’ysindira olmadilar. Aksincha Qang’i qabilalari bosqinchilarga qarshi kurash jarayonida o’zlarini mustaqil davlatini tashkil etdilar. Miloddan avvalgi uchinchi asrning o’rtalarida Grek-Baqtriya va Parfiya singari mustaqil davlatlar yuzaga kelib selevkiylar hukmronligi tugatildi.
Grek-Baqtriya davlati Turkiston, Afg’oniston, Hindiston kabi mamlakatlarda hukmronlik qildi. Afg’onistondagi Mozori Sharif atrofidagi Baqtriya shahri uning poytaxti edi. Aytish lozimki Grek-Baqtriya davlatini greklar boshqarib, ularning tili davlat tili hisoblangan. Eradan oldingi 70-yillarda Qang’ davlati Sug’d va Amudaryogacha bo’lgan yerlarni hamda Toshkent vohasini Grek-Baqtriyadan tortib olgan edi. Natijada grek va makedoniyaliklarning hukmronligiga qaqshatqich zarba beriladi. Miloddan avvalgi II asrning ikkinchi yarmida saklarning qavmlarini bir qismi – yuechji qabilalari Grek-Baqtriya davlatini tamomila tor-mor etdilar. Eradan avvalgi I asrning oxirida yuechjilarning Guyshon (Kushon) xonadoniga mansub kishilar hokimiyatni qo’lga olib Kushon imperiyasini tuzdilar. Bu mahalliy davlat Turkistonning ko’p viloyatlarini, sharqiy Turkistonni, Afg’onistonni va shimoliy Hindistonni o’z ichiga olgan. Samarqand viloyatiga qarashli Kattaqo’rg’on Kushon imperiyasining poytaxti edi. Ammo, keyin poytaxt shimoli-g’arbiy Hindistondagi Peshovar shahriga ko’chirildi. Imperiya I-IV asrlarda, ya’ni to’rt asr hukm surib, Turkiston tarixida salmoqli o’rin egalladi.
Umuman aytganda grek va makedoniyaliklar Turkistonda ozodlik kurashlariga zarba berib 180 yildan ortiq hukmronlik qildilar. Bu hisobga 100 yildan ortiq hukm surgan Grek-Baqtriya davlatining hukmronligi ham kiradi. Garchand bu davlat selevkiylarning sirtmog’idan chiqib, mustaqillikni qo’lga kiritgan bo’lsa-da, lekin hokimiyat greklarning qo’lida edi. Grek tili davlat tili hisoblangan. Agar Ahmoniy davlatining 200 yildan ortiq hukmronligiga yuqorida keltirilgan 180 yil raqami qo’shilsa, u vaqtda umumlashtirilganda Turkiston zamini 400 yil atrofida xorijiy bosqinchilarning panjasida hayot kechirgan. Mana shu to’rt asr mobaynida o’lka siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan inqirozni boshidan kechirdi. Bunga mustaqillik va ozodlikning yo’qotilishi, qattiq zulm va boyliklarning talanishi sabab bo’ldi. Ammo hech qanday qirg’in-barot, nazorat va ta’qiblar xalqning ongi va qalbidagi mustaqillik va ozodlik g’oyalarini qo’porib tashlay olmadi. Natijada ozodlik kurashlari so’nmay davom etaverdi.