Mavrikiy
Mavrikiy (Mauritius), Mavrikiy Respublikasi (Republic of Mauritius) — Hind okeanining g’arbiy qismida, Madagaskar orolidan sharqda joylashgan davlat. Mavrikiy oroli, Rodriges oroli, Kargadoskaraxos va Agalega orollari, Chagos arxipelagini o’z ichiga oladi (1982 yilda Mavrikiy parlamenti Chagos arxipelagini mamlakat hududining ajralmas qismi deb e’lon qilgan. Buyuk Britaniya esa bu arxipelagni tortib olib, uning tarkibidagi Diego-Garsiya orolini AQShga 50 yilga ijaraga topshirgan). Maydoni 2045 km2. Aholisi 1,8 million kishi (2001). Poytaxti — Port-Lui shahri. Ma’muriy jihatdan 5 shahar va 9 okrug (district)ra bo’linadi. Davlat tuzumi. Mavrikiy — respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik a’zosi. Amaldagi Konstitutsiyasi 1968 yilda qabul qilingan va keyinchalik qo’shimchalar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident (1992 yildan Kassem utim). U parlament deputatlarining odsiy ko’pchilik ovozi bilan 5 yil muddatga sailanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyati — Milliy Assambleya (bir palatali parlament). Ijroiya hokimiyatni Vazirlar Kengashi amalga oshiradi. Bosh vazir va vazirlarni prezident tayinlaydi. Tabiati. Orollar vulkanlar otilishidan paydo bo’lgan, bazalt, dolomit va tuflardan tuzilgan. Yer yuzasi, ayniqsa, Mavrikiy orolning Janubi-g’arbi qirlardan iborat (eng baland joyi 826 metr), orolning o’rta qismi — 600 metrgacha balandlikdagi plato, shimol va sharqida sohili kambar tekislik. Rodriges orolning balandligi 396 metrgacha. Qirg’oqlar orolga o’tishni qiyinlashtiruvchi marjon riflari bilan o’ralgan. Iqlimi — tropik dengiz iqlimi. O’rtacha temperatura eng issiq oy — Fevralda 26°, eng salqin oy — avgustda 16°, sohilda 18,5° gacha. Yillik yog’in 1500— 5000 mm gacha, yozi seryog’in. Daryolari kamsuv, qurg’oqchil davrda quriydi, eng yirigi — Grandriver. Qalin tropik o’rmonlar tog’larda saqlangan. Mavrikiy orolining 1/4 qismi o’rmon. Aholisi, asosan, hind-mavrikiylar (69%), kreollar (27%) va hokazolar. Rasmiy til — ingliz tili; frantsuz va kreol tili ham keng tarqalgan. Aholining 50% ga yaqini hindu, 33% xristian, 16% Islom diniga e’tiqod qiladi. Shahar aholisi 41%. Yirik shaharlari — Port-Lui, BoBassen-roz-Xill, Vakoa-Feniks. Tarixi. Mavrikiy oroli Arab sayyohlarining esdaliklarida Dina Arobi (kumush o.roli) nomi bilan tilga olinadi (10-asr). Orolda odam yashamagan. 16-asr boshlarida dastlab portugallar kelib o’rnashdi. 1958 yil orolni gollandlar egalladi va Shahzoda Moris (Oranlik) sharafiga Mavrikiy deb atadi. Gollandiya hukmronligi davrida orolga Sharqiy Afrikadan qullar keltirildi. 1715 yildan Orol Frantsiya, 1810 yildan Angliya hukmronligida bo’ldi. 1814 yildan esa rasman Angliya mustamlakasiga aylandi. Mavrikiy aholisi ko’p yillar davomida mustamlaka tuzumiga qarshi tinmay kurash olib bordi. 1935 yil Mavrikiyda kasaba uyushmalari yuzaga keldi, 1936 yil dastlabki siyosiy partiya — o’rta va mayda burjuaziyaga tayanuvchi Leyboristlar partiyasi tashkil topdi. 2-jahon urushi (1939-45)dan so’ng mustamlakachilikka qarshi kurash yanada kuchaydi. Natijada Buyuk Britaniya ma’muriyati bir oz yon berishga majbur bo’ldi. Qonun chiqaruvchi kengashning huquqi kengaytirildi, umumiy saylov huquqi joriy etildi. 1968 yil 12 martda Hamdo’stlik doirasidagi mustaqil davlat deb e’lon qilindi. Ammo hali Oliy hokimiyatni Buyuk Britaniya qirolichasi tayinlaydigan general-gubernator idora qilar edi. Nihoyat, 1992 yil 12 martda mamlakat respublika deb e’lon etilib, Mavrikiy Respublikasi nomini oldi. Mavrikiy — 1968 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 12 mart — Mustaqillik kuni (1968) va Respublika kuni (1992). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Mavrikiy leyboristlar partiyasi, 1936 yilda tuzilgan; Mavrikiy sotsial-demokratik partiyasi, 1955 yilda asos solingan; jangovar sotsialistik harakat, 1983 yil tuzilgan; Mavrikiy jangovar harakati, 1969 yilda tuzilgan; Rodriges xalq, tashkiloti, 1982 yilda asos solingan. Ishchilar umumiy federatsiyasi, 53 tarmoq kasaba uyushmasini birlashtiradi, 1971 yil tashkil etilgan; Mavrikiy mehnat Kongressi, 1963 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Mavrikiy — agrar-industrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq va o’rmon xo’jaligi hamda baliqchilikning ulushi 10,4%, sanoat, asosan, qayta ishlash tarmoqlarining ulushi 23%. Hududining 56% ekinzor va bog’lardan iborat. Asosiy qishloq xo’jaligi o’simligi shakarqamish bo’lib, u ekinzorlarning 94%ni egallaydi. Choy, tamaki, banan, aloe, sholi, makkajo’xori, kartoshka, sabzavot, ho’l meva ham yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol va echki boqiladi. Parrandachilik mavjud. Baliq ovlanadi. Sanoatida shakarqamishni qayta ishlaydigan korxonalar ustun. Shveytsariya soat zavodlari uchun sun’iy yoqut ishlash, tranzistorlar uchun detallar, ko’zoynak gardishlari ishlab chiqarish, zargarlik toshlariga sayqal berish yo’lga qo’yilgan. Choy va tamaki bargini, sabzavot va ho’l meva, agavani, mol terisini kayta ishlaydigan fabrikalar, kemasozlik, yengil sanoat tarmoqlari, ma’danli o’g’it va neft mahsulotlari korxonalari mavjud. Yiliga 390 mln. kVt/soat ga yaqin elektr energiya hosil qilinadi. Sayyohlik rivojlangan. Mavrikiyda avtomobil yo’llari uzunligi -2 ming kilometr. Yirik dengiz porti — Port-Lui. Plezans shahrida xalqaro aeroport bor. Mavrikiy chetga qand-shakar, choy, teri mahsulotlari va poyabzal, to’qimachilik yarim mahsulotlari chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat va neft mahsulotlari, mashina va uskunalar, sanoat mollari keltiradi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Buyuk Britaniya, Frantsiya, AQSh, JAR, Germaniya, Yaponiya, Xitoy. Pul birligi — Mavrikiy rupiyasi. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Mavrikiydagi boshlang’ich va o’rta maktablarda o’qish bepul va majburiy. Davlat va xususiy o’quv yurtlari ham bor. Maorifi ingliz tizimi ta’sirida tarkib topgan: boshlang’ich maktab 6 yil, o’rta maktab 7 yil. Kasb-hunar ta’limi boshlang’ich maktab negizida 1 yildan 3 yilgacha davom etadi. 5 yillik to’liqsiz maktab negizida texnika kolleji ishlaydi. Port-Lui shahrida Mavrikiy universiteti (1965), Moko shahrida Mavrikiy Gandi nomidagi institut, qand-shakar sanoati uchun mutaxassislar tayyorlovchi regional markaz mavjud. Port-Lui shahrida institut (1980), Redyui shahrida qand-shakar sanoati tadqiqot instituti ishlaydi. Mavrikiyda unt, shahar kutubxonasi, Mavrikiy instituti, Britaniya kengashi, qand-shakar sanoati tadqiqot instituti kutubxonalari bor. Port-Lui shahrida muzey (1885), Mavrikiy gerbariysi (1960), Maebur shahrida Tarix muzeyi mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Mavrikiyda nashr etiladigan asosiy gazetalar: “Soushelist” (“sotsialist”, kundalik gazeta, 1983 yildan), “Chayna Tayms” (“Xitoy vaqti”, Xitoy tilidagi kundalik gazeta, 1959 yildan), “Ekspress” (ingliz va frantsuz tillarida chiqadigan kundalik gazeta, 1963 yildan), “uikend”.