Mavritaniya
Mavritaniya (Mauritanis), Mavritaniya Islom Respublikasi (Aljumhuriya al-Islomiya al-Mavritaniya, Republique Islamique Mauritanie) — Afrikaning shimoli-g’arbidagi davlat. Maydoni 1031 ming km2. Aholisi 2,7 million kishi (2001). Poytaxti — Nuakshot shahri. Ma’muriy jihatdan 12 viloyat (region) ga bo’linadi, poytaxti — Nuakshot shahri. Muxtor okrug (distrikt) sifatida ajratilgan. Davlat tuzumi. Mavritaniya — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1991 yilda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident (1992 yildan polkovnik Maauyya Uld Sidi Ahmad Tayya). U umumiy to’g’ri ovoz berish yo’li bilan 6 yil muddatga saylanadi va bir necha marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 2 palatali parlament (Milliy Assambleya va Senat). Ijroiya hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi, bosh vazirni prezident tayinlaydi. Tabiati. Mavritaniyaning ko’p qismi G’arbiy Sahroi Kabirning qumli va Toshloq cho’llari, Atlantika okeaniga tutash sohili pasttekislik. Yer yuzasida pasttekisliklar va uncha baland bo’lmagan platolar ko’p. Mamlakat hududi tokembriy jinslaridan tarkib topgan qadimgi Afrika Arabiston platformasiga mansub. Mis, temir rudalari, shuningdek, toshtuz, gips, fosforit konlari bor. Iqlimi tropik cho’l iqlimi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 16-20°, iyulniki 30-32°. Eng yuqori temperatura 40-45°. Sharqdan tez-tez issiq shamol esib turadi. Yillik yog’in 50-100 mm. Mavritaniyada Senegaldan boshqa oqar daryolari yo’q. Ekinlarni sug’orishda Daryo, yer osti va buloq suvlaridan foydalaniladi. Cho’llarda butalar, akasiya va boshqalar o’sadi. Mavritaniyada sudralib yuruvchilar, kemiruvchilar ko’p; chiyabo’ri, fenek tulkisi, g’izol, kiyik va boshqalar bor. Qirg’oq suvlari ovlanadigan baliklarga boy. Bandargon milliy bog’i mavjud. Aholisi. Mavritaniya tub aholisining 80% dan ko’prog’ini mavrlar tashkil etadi. Ular Arab tilining hasaniyya shevasida so’zlashadi, shuningdek, barbarzenagalar, fulbe, volof, tukuler, soninke va boshqa xalqlar yashaydi. Rasmiy til — Arab tili. Rasmiy din — Islom. Aholining 39% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari — Nuakshot, Nuadibu, Zuerat, Kaedi. Tarixi. Mavritaniyaning qadimgi va o’rta asrlar tarixi kam o’rganilgan. 4-11-asrlarda Mavritaniyaning Janubiy qismi G’arbiy Afrika (Gana va boshqalar) davlatlari tarkibida bo’lgan. 13-14-asrlarda Mavritaniyaning Janubiy qismi Mali davlatiga qo’shilgandan keyin arablar hukmronligi kuchaydi. 15-asrdan Mavritaniyaga portugallar, ispanlar, gollandlar, inglizlar, frantsuzlar kelib, qul, oltin, sirach olib keta boshladi. 1783 yilgi Versal sulhiga ko’ra, Mavritaniya sohillari tamoman Frantsiyaga tobe bo’lib qoldi. 1903 yilda Frantsiya Mavritaniyani o’z protektoratiga aylantirdi. 1920 yil mamlakat rasmiy ravishda Frantsiya mustamlakasi deb e’lon qilindi. Mavritaniya xalqi mustamlakachilarga qarshi muntazam kurashib keldi. 2-jahon urushidan keyin Mavritaniyada ozodlik harakati kuchaydi. 1946 yildan Mavritaniya Frantsiyaning “dengiz ortidagi hududi”. 1958 yildan Frantsiya hamjamiyati tarkibida o’zini o’zi boshqaruvchi respublika. 1960 yil 28 noyabrda Nuakshotda mustaqil Mavritaniya Islom Respublikasi tuzilganligi e’lon qilindi. 1961 yil mayda Mavritaniya Konstitutsiyasi qabul qilindi. 1991 yildan mamlakatda ko’p partiyali tizimga o’tildi. Mavritaniya tashqi siyosatda bloklarga qo’shilmaslik, barcha mamlakatlar bilan hamkorlik tamoyiliga sodiq. Mavritaniya 1961 yil noyabrdan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 28 noyabr — Mustaqillik kuni (1960). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Respublikachilar sotsial-demokratik partiyasi, 1991 yilda tuzilgan; demokratiya va birlik yo’lidagi birlashma, 1991 yilda tashkil topgan; Mavritaniya uyg’onish partiyasi, 1991 yilda asos solingan. Mavritaniya mehnatkashlari Ittifoqi — Birlashgan umummilliy kasaba markazi, 1961 yilda tuzilgan, xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi. Xo’jaligi. Mavritaniya — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jaligi (baliqchilik bilan birga) ulushi 30%, sanoat ulushi 19,2%. Ishlab chiqaruvchi kuchlar zaif rivojlangan. Mustaqillikka erishilgach, hukumat qishloq xo’jaligi va baliqchilikni jadal rivojlantirish, xorijiy sarmoya qo’yishni rag’batlantirish tadbirlarini ko’rdi. Konchilik sanoati rivoj topgan. Qayta ishlash sanoati oziq-ovqat (baliq va go’shtni qayta ishlash, qandshakar va konserva ishlab chiqarish), kimyo, neft mahsulotlari, ko’nchilik, tikuvchilik, gilamdo’zlik tarmoqlaridan iborat. Dengiz suvini chuchuklashtirish kurilmasi o’rnatilgan. Yiliga 140 million kVt/soat elektr energiya qosil qilinadi. An’anaviy hunarmandchilikni rivojlantirish rag’batlantiriladi. Sanoat korxonalarining aksariyati Nuakshot shahrida joylashgan. Ko’pchilik aholi band bo’lgan qishloq xo’jaligi zaif. Uning asosiy tarmog’i — ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi chorvachilik. Qoramol, tuya, qo’y, echki, eshak, ot boqiladi. Baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi. Senegal daryosi bo’yida va vohalardagina dehqonchilik qilinadi. Hududining 2/5 qismi yaylov. Asosiy oziq-ovqat ekinlari: tariq, oq jo’xori, makkajo’xori, batat, dukkaklilar, sholi, yer yong’oq, xurmo va boshqalar. Akatsiya daraxtining muayyan turlaridan ajralib chiqadigan yopishqoq modda — gummiarabik (Arab elimi) eksport ahamiyatiga ega. Tez-tez bo’lib turadigan qurg’-oqchilik qishloq xo’jaligiga katta zarar yetkazadi. Temir yo’llari uzunligi -0,7 ming, avtomobil yo’llari uzunligi 8 ming kilometrdan ortiq. Asosiy dengiz portlari va xalqaro aeroportlari — Nuakshot va Nuadibu. Senegal daryosining quyi oqimida kema qatnaydi. Mavritaniyadan chetga temir rudasi, oltin, gips, baliq va baliq mahsulotlari, chorva, teri va boshqalar chiqariladi. Mavritaniyaga chetdan sanoat mollari, neft mahsulotlari, mashina va uskunalar, oziq-ovqat keltiriladi. Tashqi savdoda Frantsiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya, AQSh, XXR bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — ugiya. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Boshlangich ta’lim majburiy hisoblanadi, biroq bolalarning oz qismi maktabga qatnaydi. Mavritaniyada 1214 boshlang’ich va 51 o’rta maktab bor. O’qish muddati: boshlang’ich maktabda 6 yil, o’rta maktabda ham 6 yil. Boshlang’ich maktablarda dars Arab tilida, o’rta va oliy maktablarda frantsuz tilida olib boriladi; boshlang’ich maktablarda frantsuz tili ham o’rgatiladi. Oliy o’quv yurtlari: Nuakshotda universitet (1983), Pedagogika instituti (1971), Oliy ma’muriy maktab. Butilimit shahrida Oliy Islom tadqiqot instituti (1961) bor. Yoshlarning aksariyati Frantsiya, Senegal va boshqa mamlakatlarning universitetlariga borib o’qiydi. Mavritaniyada konchilik sanoati ilmiy tadqiqot markazi, sabzavotchilik ilmiy tadqiqot instituti, bir necha qishloq xo’jalik tajriba stansiyasi, Pedagogika hujjatlashtirish markazi (1962) bor. Nuakshotda Milliy kutubxona (1961), Milliy arxiv (kutubxonasi bilan, 1955) va Markaziy ommaviy kutubxona mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Mavritaniyada chiqadigan asosiy nashrlar: “Ash-Shaab” (“Xalq”, 1975 yildan, Arab va frantsuz tillarida chiqadigan kundalik hukumat gazeta), “Pyopl” (“Xalq”, frantsuz va Arab tillarida yiliga 6 marta chiqadigan gazeta), “Jurnal ofisel” (“rasmiy gazeta”, frantsuz tilida haftasiga 2 marta chiqadigan hukumat xabarnomasi). Mavritaniya radioeshittirish va teleko’rsatuv xizmatiga 1958 yilda asos solingan; Arab, frantsuz va mahalliy tillarda eshittirish va ko’rsatuvlar olib boradi. Mavritaniya axborot agentligi 1975 yilda tuzilgan bo’lib, 1990 yilgacha Mavritaniya matbuot agentligi deb atalgan; u hukumat nazoratida. Adabiyoti mumtoz Arab tilida, Arab tilining hasaniyya shevasida va barbar tilida. Arablar kelishidan avval barbar qabilalarining xalq og’zaki ijodiyoti mavjud bo’lgan va u rivojlanib kelayotir. Mumtoz Arab tilida dastlabki diniy va tarixiy mazmundagi asarlar 11-asrdan ma’lum. Hasaniyya shevasida qaxramonlik dostonlari va musiqiy she’rlar yaratilgan. 16-asrda mumtoz Arab tilida dunyoviy she’riyat vujudga keldi. 17— 18-asrlarda U.Razga, Bu Fumuayn, Mavritaniya al-Yadali, 19-asrda u at-telba, U. Muxamdi, U. ash-Shayx Sidiya kabi atoqli shoirlar ijod qildi. Zamonaviy shoirlar orasida Al-Muxtor al-Hamid, Xatri ibn-Xatri, Ualla Abnilar bor. Bakken she’rlari mahalliy shevada va mumtoz shaklda yozilgan. Me’morligi, tasviriy va amaliy san’ati. Mamlakat Jan.da neolit davriga mansub o’nlab istehkomli manzilgohlar (tepaliklarda tosh devor bilan o’ralgan tosh uylar) topilgan. Barbarlarning eni 15 metrgacha, balandligi 2 metrli “Shusha” deb atalgan doirasimon qabristonlari miloddan avvalgi 1-ming yillikka oid deb hisoblanadi. Milodiy 7-11-asrlarda savdo yo’llarida, quduqlar atrofida bog’lar, tosh uylar va maejidlar paydo bo’lib, barbar manzilgohlari hosil bo’lgan va ular asta-sekin shaharlarga aylanib borgan. 11 —12-asrlardan Mavritaniya hududida to’g’ri burchakli, yassi tomli, ichki hovlili uylar, chorsi minorali masjidlar qurilgan. G’arbda imoratlar g’ishtdan gul solib qurilsa, Sharqda binolar sirti suvaladi, kiraverishi qizil-oq rangda naqshlanadi. 20-asrda Nuakshot, Nuadibu shaharlarida yevropacha imoratlar barpo etildi, ayrim shaharlar o’rta asr qiyofasida qolgan. Neolit davriga oid san’at asarlari (qoya toshlarga o’yib chizilgan rasmlar, “Shusha”lar) saqlangan. O’rta asrlarda Mavritaniya hududida Arab barbarlarning madaniyati rivoj topgan. Amaliy bezak san’atining har xil turlari (metall, sopol, charm, yog’och va boshqalardan buyumlar yasash) mavritan san’atining o’ziga xos uslubida rivojlangan. Zargarlik va kulolchilik ravnaq topgan. Musiqasi. Mavritaniya musiqa madaniyati mavrlar, barbarzenagalar va negroid xalqlarining turli an’analarini o’z ichiga oladi. Griotlar san’ati an’anaviy mavritan musiqasining eng yorqin va rivojlangan qatlamidir. Ularning cholg’u asboblari orasida 4 torli udni eslatuvchi tidinit, 12-14 torli Arfaga o’xshash qovoq po’stlog’idan yasalgan ardin ajralib turadi. Bayram va diniy marosimlarda zamzayya (surnay) va NEFFAR (nay) jo’rligida ko’pchilik bo’lib aytiladigan qo’shiqlar yangraydi. Bundan tashqari, 1 torli ud va rubobda kuylar ijro etiladi. Keyingi yillarda evropacha zamonaviy kuylar, ayniqsa, Estrada san’ati urf bo’ldi. Kinosi. Mustaqillikka erishilgunga qadar Mavritaniyaning o’z kino san’ati yo’q edi. 1967-68 yillarda mahalliy rejissyor Med Xondo dastlabki qisqa metrajli filmlarini suratga oldi. 1971 va 1974 yilda uning “o quyoshi” hamda “qo’shningiz, negritoslar” filmlari va 1980 yilda “Vest-Indiya” filmi ekranga chiqdi. Xondo ijodi boshqa mavritan rejissyorlari va aktyorlari taqdiriga katta ta’sir o’tkazdi. Jumladan, kinorejissyor va aktyor Sidney Sokxonaning “Alloh etimlari”, “millati — muhojir”, “Safrana yoki gapirish huquqi” filmlari muhojirlik muammosiga bag’ishlangan. Mavritaniya tabiati, an’analari va musiqiy madaniyatiga bag’ishlangan rangli hujjatli filmlar ham suratga olingan.