Mavsum marosim qo’shiqlari
Mavsum marosim qo’shiqlari — xalq og’zaki ijodining yil fasllarini belgilovchi, turli marosim hamda an’anaviy bayramlar jarayonida ijro etilgan qadimgi qo’shiq turlaridan. Kelib chiqishi eneolit (yangi tosh) davrida yuzaga kelgan chorvachilik va dehqonchilik mehnatlari bilan bog’liq. Qadimda mazkur mehnatlar yil fasllarining uzviy aylanib turish jarayoniga bevosita bog’liq bo’lgan. Odamlar turli marosimlar, qurbonliklar va qo’shiqlar homiy ruhlarga yoqib, ular bizga mo’l hosil beradi, deb ishonishgan. Buning natijasida bir-birini to’ldiruvchi mavsumiy marosim qo’shiqlar silsilasi shakl topgan: bahor kelishi munosabati bilan “Oftob chiqdi”, “Laylak keldi”, “Boychechak” kabi qo’shiqlar kuylangan; “Sumalak”, “Gulyor” “Navro’z yo’klovlari”, “ish oshi” aytimlari “Navro’z” bayrami va “Lola sayli”, “Qizil gul sayli” milliy-an’anaviy xalq bayramlarida; “Shoxmoylash”, “Qo’sh-qo’sh” kabilar shudgorlash davrida, “sust xotin” qurg’oqchilik boshlanganida ijro etilgan. Yozkuz fasliga oid “Oblo baraka”, “o’rim”, “xo’r mayda”, “Qovun sayli”, qishda o’tkazilgan gap-gashtaklarda (“Alyor”), “Yas-yusun” marosimlari mashhur bo’lgan. Beruniy 6-asrdan ajdodlarimiz kuzgi teng kunlikni “Mehrjon”, bahorni “Navro’z” bayrami bilan davlat miqyosida nishonlanganini aytadi. Mavsum marosim qo’shiqlarida ilk bor band, bandnaqarot shakllari rivoj topib, o’yin harakatlari yoki afsun aytimlarining ritmik xususiyatlarini ifodalovchi musiqiy va she’riy (jumladan, satr bo’g’inlar soniga asoslangan barmoq) vaznlar yuzaga keladi. Muayyan ritmik “qolip” larga hamda parda tuzilmalariga tayangan ohanglar negizida keyinchalik ohangdor musiqa usulubi shakl topadi.