Meshchanlar
Meshchanlar (polshacha mieszczanin-shaharlik)-Rossiya imperiyasida 1917 yilgacha turli toifadagi shahar aholisi (hunarmandlar, mayda savdogarlar va uy egalari)dan iborat tabaqa. Yashash joylari bo’yicha jamoalarga birlashgan, o’z-o’zini idora qilish yuzasidan ayrim huquqlarga ega bo’lishgan. Meshchanlar soliq to’lovchi toifa hisoblangan, rekrutlik va soliq majburiyatini o’taganlar, tan jazosiga hukm etilishlari mumkin bo’lgan. Rasman meshchanlik Yekaterina II ning 1785 yilgi yorlig’i bilan tasdiqlangan. Shahar Meshchanlari “meshchanlik jamiyati”ga birlashganlar. Meshchanlik merosiy bo’lgan. Meshchanlar korporativ va o’z-o’zini boshqarish tashkilotlari tuzish huquqiga ega edilar. XIX asr o’rtalaridan Meshchanlar tan jazolaridan, 1866 yilda jon solig’idan ozod etilgan. 1811 yili Rossiya 949,9 ming (shahar aholisining 35%), 1897 yili 13386,4 ming Meshchanlar. Oktyabr to’ntarishidan keyin bekor qilingan.