Meteklar
Meteklar (yunoncha metoiroi-ayni ma’nosi ko’chib kelgan kishi)-Qadimgi Yunonistonda noto’liq huquqli aholi qatlami. Meteklar Attikaga uzoq muddatga yoki doimiy joylashgan ajnabiylar edi. Har qanday xorijlik kishi ma’lum muddat o’tgach meteklikka ro’yxatdan o’tishi talab qilingan. Shuningdek, ozod qilingan qullar ham Meteklar sinfiga qo’shilgan. Meteklar shaxsan ozod bo’lsalar-da, fuqaro hisoblanmaganlar va ularning huquqlaridan foydalanolmasdilar. Masalan, mansabli lavozimlarga saylanolmas, xalq yig’inida ovoz bera olmasdilar va hokazolar, qolaversa, fuqaroligi bor ayolga uylanishlari, ko’chmas mulkka ega bo’lishlari ham taqiqlangan. Davlat foydasiga yillik jon solig’i (Afinada (12 drahma) to’lashlari talab etilgan. Davlat oldidagi yuksak xizmatlari uchun yoki fuqarolar sonini ko’paytirish maqsadida Meteklarga fuqarolik taqdim qilinishi mumkin edi. Meteklar orasida badavlat quldorlar, savdogarlar, hunarmandlar ustaxonalari egalari ham uchragan.