Mirkarim Osim (1907-1984)
Tarixiy mavzudagi asarlari bilan el-yurt og‘ziga tushgan Mirkarim Osim 1907 yili Toshkentda ziyoli oilasida dunyoga kelgan. 1918—1921 yillarda «Shams ul-Urfon» nomli boshlang‘ich maktabda o‘qigan. 1921 — 1924 yillarda esa Narimonov nomidagi ta’lim va tarix texnikumida tahsil ko‘rgan. Do‘stlari Oybek va H. Yoqubovlar bilan bu texnikumda adabiyot sirlarini o‘rgangan. 1926 yilda esa Moskva Davlat pedagogika institutining tarix-iqtisod fakultetida o‘qib, uni 1930 yilda tugatgan. So‘ng Samarqanddagi o‘qituvchilar tayyorlash kursida, 1932 yildan esa O‘zbekiston Maorif xalq komissarligi qoshidagi Pedagogika ilmiy-tadqiqot institutida ishlagan.
Mirkarim Osim o‘z faoliyatini she’rlar yozish bilan boshladi. Tarix fanidan qo‘llanma, tavsiya, darsliklar yaratdi. 1940 yildan Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi «Astrobod», «Alisher Navoiy va Darvish-ali», «Badarg‘a», «Navoiyning xislatlari», «Ulug‘bek va Navoiy» singari tarixiy qissa va hikoyalar yoza boshladi. Adib bir umr tarixiy qissalar yozish bilan mashg‘ul bo‘lib, yangi-yangi avlodlarni tarixiy o‘tmish va uning mashhur kishilariga nisbatan muhabbat ruhida tarbiyalab, vatan-parvarlik, insonparvarlik g‘oyalarini ulug‘ladi.
Tarixchi adibning asarlarini davriy jihatdan uch guruhga ajratish mumkin:
1. Tariximizning qadimgi davrlari haqidagi hikoyalar (Makedonskiy, arab xalifaligi, Eron shohlari bosqini, mo‘g‘ul istilosi).
2. O‘rta asrlar tarixidan hikoya qiluvchi asarlar (fan va madaniyat arboblari haqida qissa va hikoyalar).
3. XVIII asrdan to 1917 yilga qadar bo‘lgan davr tarixiy hayoti haqidagi asarlar.
Ayni paytda Mirkarim Osim asarlarini mavzu yo‘nalishi bo‘yicha uch katta guruhda tahlil qilish, baholash mumkin:
1. Tarixiy-qahramonlik mavzuidagi asarlar.
2. Tarixiy-maishiy mavzudagi asarlar.
3. Tarixiy-biografik asarlar.
Qahramonlik mavzuiga ijodkorning «O‘tror», «To‘maris», «Temur Malik», «Aleksandr va Spitamen» kabi asarlarini kiritish mumkin.
Maishiy mavzudagilarga «Mohlar oyim va Xonposhsha», «Karvon qo‘ng‘irog‘i», «Elchilar» kabi asarlari kiradi.
Tarixiy-biografik asarlarning namunalari qilib adibning «Zulmat ichra nur» (Navoiy), «Jayhun ustida bulutlar» (Beruniy), «Ibn Sino qissasi», «Aljabrning tugilishi» (Al-Xorazmiy), «Singan setor» (Mashrab) kabi qissalarini ko‘rsatish mumkin.
Mirkarim Osim 40-yillarda Stalin qatag‘onining begunoh qurbonlaridan biri bo‘ldi. Uning vatanparvarlik, millatparvarlik, o‘tmishga muhabbat ruhidagi asarlari o‘z muallifiga qaro kunlar olib keldi. Adib ko‘p yillar sho‘ro rejimining azoblarini chekdi.
50-yillarda vataniga qaytgan san’atkor tarixiy asarlar yozishda davom etadi. Nashriyotlarda adabiy xodim vazifasida ishlaydi.
Mirkarim Osim tarixchi adiblar orasida asl tarix haqiqatini buzmay, qayta badiiy jonlantirishi bilan ajralib turadi. Uning asarlari tarixnavis adiblar uchun adabiy maktab vazifasini o‘tadi.
Bugungi tarixnavis adiblar Mirkarim Osimni haqli ravishda o‘zlarining ustozlari deb biladilar.
Adibning 70 yilligi munosabati bilan unga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni berilgan.
Mirkarim Osim M. Sholoxovning «Tinch oqar Don» (2-kitob), S. Borodinning «Eldirim Boyazid» romanlari va L. G. Batning «Hayot bo‘stoni» qissasi na boshqa asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Mirkarim Osim 1984 yil Toshkent shahrida vafot etgan. Vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2002).