Mirkomilboy (1882-1918)
Mirkomilboy, Mirkomil Mirmo‘minboyev (1882 — Andijon — 1918) — o‘zbek sanoatchisi. «Rus-Osiyo» («Russko-Aziatskiy») banki muassislaridan biri. Mirkomilboyning Andijonda 5 ta paxta zavodi, bir necha shaharda savdo rastalari, bog‘lari, katta yerlari bulib, oltin pul hisobida 14 mln. so‘m mablag‘ga ega edi (1911).
Mirkomilboy Turkiston va Yevropa mamlakatlari o‘rtasida savdo munosabatiga asos solganlardan biri hisoblanadi. U Germaniyaning Shlossberg, Kraft firmalari bilan savdo aloqasi o‘rnatgan, Berlin, London, Parij va Istanbulga borib, mahalliy sanoatchilar bilan savdo ishini yo‘lga qo‘yishga intilgan.
Mirkomilboy Andijon shahrida 30 o‘quvchiga mo‘ljallangan internat maktab, 100 talabaga muljallangan madrasa, kasalxona qurmoqchi bo‘lib, loyiha tayyorlatgan. Biroq mahalliy ma’murlar bu loyihalarni amalga oshirishga ruxsat bermagan.
Mirkomilboy «Shuroi islom» tashkilotining Andijon bo‘limiga rahbarlik qilgan (1918) va jadidlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turgan. Bolsheviklar tomonidan otib tashlangan.