MURTAZOYEV MUXTORJON

MURTAZOYEV MUXTORJON (1909.5.5 -Qo’qon — 1994.2.3) — xonanda, sozanda (g’ijjak, dutor, tanbur), bastakor. Farg’ona vodiysi zamonaviy bastakorlik maktabining asoschilaridan. An’anaviy musiqa yo’llarini mahram Hofiz va g’ijjakchi Qodirjon Hamdamovlardan o’rgangan. Qo’qon shahri Temiryo’lchilar madaniyat saroyida musiqa rahbari (1929— 33), Qo’qon teatrida sozanda (1933-41) va musiqa rahbari (1957 yildan), Yangiyo’l teatri (1942-45), Muqimiy teatri (1945 — 57)da g’ijjakchi-kontsertmeyster, Qo’qonda maqomchilar ansamblining badiiy rahbari (1957 yildan). Mumtoz va zamondosh shoirlarning she’rlariga yaratgan qo’shiq va ashulalari (“O’rtama”, “Gulzor makoni”, “Sog’inish”, “Jonim ila jonim”, “Bir ishva bilan”, “Ey ko’ngil”, “jafo ham qilmading” va boshqalar) M.Ahmedov, O.Imomxo’jaev, K.Mo’minov va boshqa hofizlar repertuaridan o’rin olgan. Ayniqsa, T. Qodirov talqinidagi “Farg’ona tong otguncha”, “bizni tashlab” kabi badiiy yetuk asarlari ommaviylashgan. “Do’stlar” (uyg’un pyesasi), “Qumrining murodi” (J.Mashrabiy), D.Jalilov bilan birgalikda “Ishqobod” (S.Abdulla), “Xolisxon” (Hamza) kabi spektakllarga musiqa bastalagan.