MUSTAQILLIK VA EZGULIK MONUMENTI
MUSTAQILLIK VA EZGULIK MONUMENTI — Toshkent shahridagi Mustaqillik maydonida O’zbekiston Respublikasining Prezidenti I.Karimov g’oyasi bilan bunyod etilgan me’moriy-badiiy majmua. O’zbekiston istiqbolining dastlabki yillari (1992)da maydonda o’rnatilgan obida Mustaqillik monumenti deb atalgan. Ramziy ravishdagi yer sharida O’zbekiston Respublikasi xaritasi aks etgan ushbu obida jahon xaritasida mustaqil O’zbekiston mamlakati mustahkam o’rin olganini ifodalaydi. 2005 yil 28 dekabrda ushbu monument oldiga farzandini bag’riga bosib turgan munis o’zbek ayoli siymosi — Baxtiyor ona haykali o’rnatildi (haykaltarosh I.Jabborov). Mustaqillik monumenti va Baxtiyor ona haykali ezgulik arkasi, oq poyondoz shaklidagi keng yo’lak bilan birga yaxlit ansamblni tashkil qiladi. Mustaqillik va ezgulik tushunchalarini ramziy tarzda uyg’un ifodalagan ushbu yodgorlik Mustaqillik va ezgulik monumenti deb ataldi. 2004-2005 yillarda Mustaqillik maydoni va unga tutash hududda keng ko’lamdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Vazirlar Mahkamasi binosi tubdan qayta ta’mirlandi, Senat binosi, ezgulik arkasi, tasviriy san’at g’alereyasi kabi muhtasham me’moriy inshootlar, yashil maydon va xiyobonlar barpo etildi. Ayni vaqtda yangi ma’muriy bino, biznes markazi qurilishi nihoyasiga etmoqda. Bunday katta bunyodkorlik ishlari tufayli maydonning faqat qiyofasi emas, uning vazifasidagi mazmun-mohiyati ham o’zgardi. Mustaqillik maydonining ijtimoiy-siyosiy hayotimizda tutgan muhim o’rni va ahamiyatini inobatga olib hamda xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbi va ongiga istiqlol g’oyalarini, milliy g’urur va iftixor, vatanparvarlik tuyg’ularini yanada chuqurroq singdirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 3 Fevralda “Mustaqillik va ezgulik monumenti to’g’risida” qarori qabul qilindi. Qarorga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi umumxalq bayramlari hamda davlat miqyosidagi boshqa tantanali marosimlarda, shuningdek, mustaqil taraqqiyotimiz, milliy qadriyatlarimiz bilan bogliq muhim sanalar, kasb bayramlarini nishonlash, tantana va anjumanlar o’tkazish munosabati bilan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo’yish rasmiy marosimini belgilagan tartibda amalga oshirish joriy etildi va boshqa tadbirlar belgilandi.