Nabiyev Jo’rabek

Nabiyev Jo’rabek (1941.10.2, Tokikistonning G’ulakandoz qishlog’i) — xonanda (lirik tenor), bastakor, aktyor. Tojikiston xalq artisti (1980). Leninobod (hozirgi Xo’jand) pedagogika institutini tugatgan (1963). Xo’jand davlat musiqali komediya teatrida yakkaxon xonanda (1962-96), direktor (1996-98). Toshkent konservatoriyasining professor (2000 yildan). Farg’ona-Toshkent hofizlik maktabining namoyandasi bo’lib, Buxoro maqom ijrochilik uslubini ham mukammal o’zlashtirgan. Nihoyatda keng repertuaridan maqom yo’llari, bastakor ashulalari, katta ashulalar, o’zbek, tojik va boshqa xalqlar qo’shiqlari o’rin olgan: “nasrulloyi”, “Samarqand ushshog’i”, “toshkent Iroqi”, “Mo’g’ulchai Dugoh”, “Feruz I-II”, “Bebokcha” va boshqalar. Uning mualliflik qo’shiqlaridan “qarab qo’y”, “unutmasman”, “Sen tug’ilgan kun”, “Qurbon bo’lsaydim”, “el degay afsonadir” va boshqalar o’zining halqchilligi, mazmundorligi, musiqiy ifodaviyligi bilan ajralib turadi. Musiqiy teatr sahnasida Ozar (“Tugallanmagan qo’shiq”), Sodirxon (“Uyg’onish”) kabi obrazlar yaratgan. Osiyo, Yevropa, Amerika mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. “Melodiya” grammyozuv firmasining “Oltin disk” mukofotiga sazovor bo’lgan (1990).