Nalivkin Vladimir Petrovich

Nalivkin Vladimir Petrovich (1852.15.7, Kaluga – 1918.20.1, Toshkent) — tarixchi, sharqshunos, lingvist va pedagog. 1873 yil artilleriya bilim yurtini tugatgach, Turkistonda xizmat qilgan, Xiva va Qo’qon yurishlarida qatnashgan. Qisqa muddat Namanganda harbiy boshliqning yordamchisi bo’lib ishlagan. Yerli aholining tili, turmushi va urf-odatlarini yaqindan o’rganish uchun Nanay qishlog’idan yer sotib olib, oilasi bilan shu yerda bir necha yil yashagan. O’zbek, tojik, Arab tillarini puxta o’rgangan. Nalivkin Turkiston o’lkasida ochilgan birinchi rus-tuzem maktabining dastlabki o’qituvchilaridan bo’lgan, Toshkent o’qituvchilar seminariyasida mahalliy tillardan dars bergan (1890 yilgacha). 1890-95 yillarda Sirdaryo, Farg’ona va Samarqand gubernatorining yordamchisi bo’lgan. II Davlat dumasining deputatligiga saylangan. 1917 yilda muvaqqat hukumatning Turkiston qo’mitasiga raislik qilgan, mensheviklarni yoklagan. U Turkiston o’lkasining tarixi, etnografiyasi, Islom madaniyatiga doir ko’plab asarlar yozgan, o’zbek (“sart”), fors tillari bo’yicha qo’llanmalar yaratgan, “sartcha” (O’zbekcha)-ruscha, ruscha-“sartcha” (O’zbekcha), ruscha-forscha lug’atlar tuzgan. Akademik V. V. Bartoldning ta’rificha, Nalivkin “ruslar orasida o’zbek tili va turmushini eng yaxshi bilgan” olim edi. Uning xotini M. V. Nalivkina bilan birga yozilgan “Farg’onadagi o’troq aholi ayollarining turmushiga doir ocherklar” hamda “Qo’qon xonligining qisqacha tarixi” asarlari sharqshunos olimlar tomonidan yuqori baholangan. Keyingi asar 1899 yilda Parijda frantsuz tilida A.Dozon tarjimasida bosilgan. Bolsheviklar Ta’sis majlisini tarqatib yuborib, zo’ravonlik bilan hokimiyatni bosib olgandan keyin Nalivkin bo’lajak qatag’onlar va vahshiyliklarni oldindan ko’ra olgan. U 1918 yil 20 yanvarda Toshkentda bolsheviklar tuzumiga norozilik sifatida xotinining qabri ustida o’zini otib o’ldirgan. As: Russko-Sartovskiy i sartovsko- russkiy slovar, s prilojeniem kratkoy grammatiki po narechiyam namanganskogo uezda, sost. V. Nalivkin i M. Nalivkina, Kazan, 1884; Azbuka dlya russko-Musulmanskix shkol osedlogo naseleniya turkestanskogo kraya, izd., 2, ISPR, T., 1986; Sartovskaya xrestomatiya dlya Turkestan- skoy uchitelskoy seminarii, T., 1896; Rukovodstvo k prakticheskomu izucheniyu sartovskogo yazika, Samarqand, 1898. Ortiqboy Abdullayev.