Namoz
Namoz (forscha) — Islom ko’rsatmalari bo’yicha bajariladigan maxsus ibodat turi; islomdagi 5 rukndan biri. Namoz musulmonlarga Me’roj kechasi farz qilingan birinchi ibodatdir. Bir kecha-kunduzda 5 mahal (bomdod, peshin, asr, shom, xufton) Namoz o’qish farz hisoblanadi. Namoz o’qish “Allohu Akbar” deb takbir aytish bilan boshlanib, sano, Qur’on oyatlaridan tilovat qilishda duolar o’qish, ruku’, sajda, tiz cho’kib o’tirish, salom berishlarni o’z ichiga oladi. Namozning bir necha turlari mavjud. Masalan, farz, vojib, sunnat, nafl, ishroq, tahajjud, qazo, shukri vuzu, janoza va boshqa qo’shimcha Namozlar borki, ularni ado etish musulmon kishining ixtiyoriy ibodati sanaladi. Farz, vojib, sunnat Namozlari esa ado etilishi shar’an talab etiluvchi Namozlar sirasiga kiradi. Namoz o’qish uchun namozxonning badan va kiyimlari hamda o’qish joyi pok bo’lishi shart. Namoz qiblaga — Makkadagi ka’ba ibodatxonasiga qarab o’qiladi. Uni o’qishda maxsus to’shama — joynamozagm foydalanish odatga aylangan. Namozni kishi bir o’zi yoki jamoa bo’lib o’qishi mumkin, lekin juma kunidagi juma Namozini masjidda jamoa bilan o’qish tavsiya etiladi. Jamoa bo’lib Namoz o’qiganda namozxonlar qator turadi, ulardan biri (Imom) Imomlikka o’tadi. Namoz paytida gapirish, yeyish, ichish, kulish, yig’lash, yo’talish, turli harakatlar qilish va boshqalar mumkin emas. Kasal va nogironlar Namozni o’zlariga qulay holatda o’qiydilar. Islomdagi mazxablar ko’rsatmalarida Namoz o’qish qoidalarining bir-biridan farq qiladigan jihatlari bor. O’zbekistonda Namoz, asosan, hanafiylik mazhabiga muvofiq o’qiladi.