Narpay dostonchilik maktabi
Narpay dostonchilik maktabi — repertuar birligi, ustoz-shogird munosabatlari, ijro usullari bilan boshqa baxshilardan ajralib turgan dostonchilar guruhi. Narpay dostonchilik maktabi Ernazar shoir, Rajab shoir, To’xtamish, Abduxoliq, Islom Nazar o’g’li, Nurmon Abduvoy o’g’li, Zohir Qo’chqor o’g’li, Ziyodulla Islomov kabi baxshilarni o’zida birlashtirgan. Bu maktab vakillari Narpay, Kattaqo’rg’on, Jom, Kogon, muborak, Qarshi atroflarida mashhur bo’lganlar. Ulardan “Orzigul”, “Sohibqiron”, “Erali va Sherali”, “Kuntug’mish”, “Tohir va Zuhra”, “Alpomish”, “Hasanxon”, “Zulfizar bilan Avazxon”, “Gu-lixiromon”, “xirmondali” kabi dostonlar yozib olingan. Ularning aksariyati nashr etilgan. An’anaviy repertuarning chuqur xalqchilligi va zamonaviyligi Narpay dostonchilik maktabining o’ziga xos xususiyatlaridan hisoblanadi. Bu maktab vakillari xalq dostonlarining demokratik asoslarini yanada kengaytirdilar. Shunga ko’ra, Narpay dostonchilik maktabi vakillaridan yozib olingan dostonlarda Oyto’ra, Xolyor, qing’ir chol, dono cho’pon, Hamro bog’bon, usta olim, Umar, Qulmaloyik kabi keng mehnat-kashlar ommasining turli tabaqalariga oid xilma-xil obrazlar yaratilgan. Boshqa maktablarning vakillarida bu xil obrazlar (Kayqubod, Janjalkal, kambag’al chol, o’tinchi va boshqalar) an’anaviyligi bilan ajralib turadi. Ad.: Mirzaev T., Xalq baxshilarining epik repertuari, T., 1979.