Nasafiy, Abul barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud an-Nasafiy
Nasafiy, Abul barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud an-Nasafiy (? -1310, Bag’dod) — mufassir, muhaddis, fiqhshunos. Ustozi Muhammad ibn Abdusattor al-Kardariy bo’lgan. Nasafiy fiqhga doir ko’plab asarlar yozgan. Olimning “Kanz ud-daqoiq” (“daqiq masalalar xazinasi”) asari ayniqsa mashhur. Unda musulmon huquqshunosligi asoslari, xanafiylik va shofi’iylik mazhablarining o’ziga xos qiyosiy jihatlari aks etgan. Bu risola Nasrulloh ibn Muhammad ibn Jammod al-irdi Kermoniy tomonidan fors tiliga tarjima qilingan. Nasafiyning “Madorik at-tanzil va haqoyiq at- ta’vil” (“nozil qilingan Qur’on ma’nolari va tafsir qilish haqiqatlari”) tafsir kitobi ham mashhur. Uni ta’lif etishda Imom Zamaxshariyning “kashshof” tafsiridan foydalangan. Nasafiy tafsiri hozirgacha ulamolar va ilmi toliblar o’rtasida Shuhrat topib kelmoqda va undan Islom o’quv yurtlarida qo’llanma sifatida foydalanilmoqda. Nasafiy hayotining so’nggi yillarida Bag’dodda mudarrislik qilgan. Nasafiy asarlari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo’lyozmalar fondida, boshqa kitob xazinalarida saqlanmoqda.