Nasafiy Nurmuhammad
Nasafiy Nurmuhammad (to’liq nomi Muhammad Amin ibn Nurmuhammad Nasafiy) (18-asr, Qarshi) — tazkiranavis. Tazkirachilikda Navoiy an’analarini davom ettirgan. Nasafiy Nurmuhammaddan bizgacha “mazhar ul-musannifin” (“adiblar bayonida”, 1759) asarigina yetib kelgan. Asar tarixiy voqealar bayonidan iborat bo’lib, unda tazkiraga xos xususiyatlar mujassam. “Mazhar ul-musannifin”da Buxoro amirligi hududlarida kechgan tarixiy voqealarning bayoni bilan birga buxorolik, samarqandlik, qarshilik shoir, olim, adiblar haqida ham so’zlanib, ularning kasb-kori, shaxsiyati, badiiy ijod sohasidagi iqtidori haqida qaydlar keltiriladi. Undagi ma’lumotlar 18-asr adabiy muhitini chuqurroq o’rganishga yordam beradi. Muallif, ayniqsa, kosib-hunarmandlar tabaqasiga mansub — po’stindo’z, kordgar, qog’ozfurush, tirgar (o’q yasovchi) shoirlar haqida so’z yuritadi, ularning she’rlar ijod qilishdagi qobiliyatlarini ham munosib baholaydi. Ad. Muhammad Nosir, Nasaf va Kesh allomalari, T., 2001.