Nasimiy
Nasimiy (taxallusi; asl ismi — Ali, laqabi — Imodiddin) (1370, Shemahi -1471, Halab) — Ozarbayjon mumtoz shoiri. Fors, Arab tillari va adabiyotini chuqur o’rgangan. Mantiq, riyoziyot, tabiat va astronomiya fanlarini o’zlashtirgan. Mansur Hallojga kuchli e’tiqod qo’ygan, o’zini uning shogirdi hisoblaganidan ilk she’rlarini Husayniy taxallusi bilan yozgan. 14-asrda Ozarbayjonda tasavvufdan o’sib chiqqan hurufiylar oqimi keng yoyilib, unda inson omili muhim o’rin tutadi: inson, uning erki ulug’lanadi; insonga ilohiy quvvatning zuhuri va Tajassumi sifatida qaraladi. Hurufiylar tariqatining asoschisi, shoir va mutafakkir Fazlulloh Naimiy 1394 yil Shirvonga keladi va Nasimiy bilan uchrashadi. Uning hurufiylik qarashlari yosh shoirga kuchli ta’sir qiladi va uni qabul etib, Fazlullohni o’ziga murshid biladi. Naimiyga hamohang Nasimiy taxallusini oladi. Ilg’or fikrli kishilar ta’qib ostiga olinib, Naimiy Mironshoh tomonidan qatl qilingach, ham o’zini qutqarish, ham hurufiylik g’oyalarini keng yoyish maqsadida Nasimiy Ozarbayjondan chiqib ketadi. U Bag’dod, Onado’li, Tokat, Bursa va b. joylarda yashaydi, nihoyat Halabda qaror topadi. Misr sultoni Muayyaddin Nasimiyni dahriylikda ayblab, tiriklayin terisini shildiradi. Nasimiy ilk bor Ozarbayjon tilvda ijod qilgani, Ozarbayjon adabiy tilini xalq jonli so’zlashuv tiliga yaqinlashtirgani bilan Ozarbayjon adabiyoti tarixida alohida o’rin tutadi. U, Hasan o’g’li va Qozi Burhoniddindan keyin, Ozarbayjon tilida yaratilgan she’riyatning ustodlaridandir. Nasimiy fors tilida ham asarlar yozgan, uning forsiy ijodi Eronda alohida to’plam holida nashr etilgan. Nasimiy o’zining isyonkor va hassos she’rlari bilan dunyoning ko’pgina mamlakatlarida mashhur. O’z fikr-o’ylari, tuyg’u-kechinmalarini xalqona sodda uslubda bayon qilgan. Nasimiy she’rlari bir qarashda oddiy, sodda bo’lib ko’rinsada, lekin mazmunan chuqur va badiiy yuksak. U ko’proq diniy-tasavvufiy mavzularni qalamga olib, o’zi mansub hurufiylik g’oyalarini ulug’lagan. Nasimiy Ozarbayjon adabiyoti tarixida mardlik, jasorat, qaqramonlik timsoli sifatida Shuhrat qozongan. Lutfiy, Alisher Navoiy, Mashrab va boshqa o’zbek shoirlari uning shaxsi va ijodiga ehtirom bilan qarashgan. “Nasoyim ul-muhabbat”da u turkiy mashoyixlar qatorida zikr etiladi. Qo’lyozmalari Turkiya, Iroq, Suriya, Misr, Eronda hamda Parij, London, Kembrij, Oksford, Sankt-Peterburg, Boku, Toshkent va b. shaharlardagi kutubxonalarda saqlanadi. Devoni nashr qilingan (1844, 1881, 1929). As: Asarlar, T., 1977. Ad.:Arif M., Istoriya Azerbaydjanskoy literaturi, Baku, 1971; Orasli H., Imodidtsin Nasimiy (hayoti va ijodi), T., 1973. Ergash Ochilov.