Natural xo’jalik
Natural xo’jalik — o’z ehtiyojlarini o’zi yaratgan mahsulot va xizmatlar bilan qondiradigan xo’jalik. Natural xo’jalik qo’l mehnatiga asoslanadi, mehnat unumdorligi past bo’lgan ko’hna mehnat qurollari ishlatiladi. Natural xo’jalikning kengayishi yangi resurslarni jalb etish, Masalan, yangi yerlarni ochib, ekin maydonlarini kengaytirish, mollar sonini ko’paytirish, ishlovchilar sonini oshirish orqali amalga oshiriladi. Natural xo’jalik sharoitidagi iqtisodiy munosabatlar ham sodda bo’ladi, ular uzoq vaqt, hatto asrlar davomida, hech bir o’zgarishsiz saqlanib qoladi. Masalan, O’rta Osiyoda erlarni og’zaki kelishuv asosida ijaraga berish, ijara haqini hosilning bir qismidan olish, hosildan kafsan tarqatish kabi munosabatlar uzoq saqlangan. Natural xo’jalikning eng muhim belgisi uning bozordan ajralgan bo’lishidir. Bu xo’jaliqda pul munosabati bo’lmaydi, yaratilgan mahsulotni xo’jalikning o’zi xonaki qayta ishlaydi. Masalan, natural chorvador xo’jaligida jundan matolar, gilam, palos va kigizlar, teridan esa oyoq kiyimlari, po’stin tayyorlanadi. Natural xo’jalik ibtidoiy davr va o’rta asrlarda rivoj topgan. Tovar xo’jaligiga asoslangan bozor munosabatlariga o’tilgach, u o’z ahamiyatini yo’qotadi. Tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi Natural xo’jalik miqyosini qisqartiradi, so’ngra amalda to’liq siqib chiqaradi. Lekin uning ayrim unsurlari jahon iqtisodiyotida saqlanib kelmoqda. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda uning ahamiyati katta emas aholi turmush darajasi past, ilmiy-texnika potentsiali yuqori bo’lmagan, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar rivojlanmagan mamlakatlarda Natural xo’jalik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, uy-joy qurilishi, hunarmandchilik va boshqalarda ham muayyan rol o’ynab kelmoqda. Natural xo’jalikning ayrim ko’rinishlari 21- asr boshlarida ham Osiyoning tog’li hududlarida, Afrika va Lotin Amerikasining (Amazonka) o’rmonzor va chakalakzorlarida ovchilik va terimchilik bilan shug’ullanadigan qabilalarda saqlanib qolgan.