Naturfalsafa

Naturfalsafa — tabiat falsafasi; tabiatni bir butun tizim sifatida, asosan, jonli mushohada negizida yoki tabiatshunoslikdan uzlashtirilgan bilimlar orqali talqin etish va tushuntirish, uning umumiy manzarasini tasvirlash borasidagi falsafiy urinishlar majmuasi. Yunon naturfaylasuflari — Fales, Anaksimandr, Anaksimen, appoloniyalik Diogen, Geraklit Naturfalsafaning asoschilari bo’lganlar. Ular barcha mavjud narsalar kelib chiqishining yagona tabiiy asosini topishga urindilar. Naturfalsafaning keyingi rivoji Aristotel maktabi va stoiklar faoliyati bilan bog’liq bo’ldi. Naturfalsafa (“philosophia naturalis”) tushunchasi ilk bor Senekalya. uchraydi. Naturfalsafa bilan tabiatshunoslik o’rtasidagi chegara va uning falsafasidagi o’rni tarixan o’zgarib turgan. Aslida, Naturfalsafa falsafa ilmining ilk tarixiy shakli sifatida namoyon bo’ddi. Yunon Natur faylasuflari ilm-fan tarixida juda muhim sanalgan ko’pgina qarashlarni, jumladan, atomistik qarashlarni ilgari surdilar. Keyinchalik, Naturfalsafa odatda, fizika yoki fiziologiya, ya’ni tabiat to’g’risidagi ta’limot deb ataldi. Falsafa Xudo to’g’risidagi ta’limot bilan yaqinlashgan o’rta asrlarda Naturfalsafa falsafa sohasidan uzoqlashdi. Naturfalsafaning ayrim unsurlari Nasroniy, musulmon va yahudiy dinlarining olamni Xudo tomonidan yaratilishi to’g’risidagi ta’limotlariga moslashtirildi. Natijada, Naturfalsafa, ko’pincha, hayolparastlik shaklidagi natursafsataga aylandi. Biroq, o’rta asrlarda tabiatshunoslikning rivoji bilan bog’liq tarzda Naturfalsafa ham rivojlandi. Bu hol G’arbda sxolastika rivojining so’nggi bosqichi davri (Foma Akvinskiy, Buyuk Albert ijodi)da, Sharkda esa undan ancha oldinroq — Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino va boshqalar faoliyatida kuzatiladi. Uyg’onish davri falsafasida tabiatga nisbatan qiziqishning ortib borishi bilan Naturfalsafaning yangi namoyandalari (J. Bruno, B. Telezio, J. Kampanella, J. Kardano, Paratsels, F. Patrisi) yuzaga keldi. Uyg’onish davri Naturfalsafasi, asosan, panteizm va gilozoizm negizida rivojlandi, ko’p hollarda esa hayolparastlik tusini oldi. Tabiatni o’rga-nishning tahliliy usullari ustuvor bo’lgan 17-18-asrlarda Naturfalsafa ortga chekindi. Biroq, Naturfalsafa nemis mumtoz falsafasida falsafiy yo’nalishlardan biri sifatida yangidan olg’a surildi (Kant, Shelling, Oken, Gegel, Shopengauer, Gyote, karus). Tabiatshunoslikning ulkan yutuqlari va idealistik Naturfalsafaning unutila borishi 20-asrda Naturfalsafani avval materializm tomonga og’dirgan bo’lsa, so’ng uni butunlay barham toptirdi. 19-asrning oxiri va 20-asr boshlarida Naturfalsafaning yangi turdagi tshakllarini kaytadan yaratishga urinishlar (Ostvald, Reynke, Drish, Paladi, N.Gartman) yuz berdi.