Nav almashtirish
Nav almashtirish – ekilayotgan ekinlar navlarini hosildorligi hamda boshqa qimmatli xo’jalik belgilari ustun bo’lgan yangi navlar bilan almashtirish. Yangi navlar Davlat nav sinash komissiyasi tomonidan avvalgi navlarga qaraganda hosildorligi, hosilning yoki qayta ishlangan maqsulotning sifati, mashina ishlovi va yig’ishtirishga mosligi, noqulay sharoitga, kasallik va zararkunandalarga chidamliligi ko’rsatkichlari bo’yicha ustun bo’lgandagina almashtiriladi. Har bir Nav almashtirish davri ekin turlarini takomillashtirishda yangi sifat bosqichi hisoblanadi. O’zbekistonda ekiladigan 105 dan ortiq g’alla, don, moyli, texnika, yem-xashak, sabzavot, poliz, kartoshka, mevali, manzarali, o’rmon va boshqa ekinlar turlari bo’yicha yangi chiqarilgan, tiklangan, chet mamlakatlardan keltirilgan o’simliklar Nav almashtirish ishlari ilmiy va tashkiliy asosga qo’yilgan va qishloq xo’jaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasi tomonidan olib boriladi. Respublikada asosiy ekinlardan biri bo’lgan g’o’za bo’yicha 20-asrning 20-yillaridan boshlab 8 marta Nav almashtirish o’tkazildi. Natijada almashtirilgan navlar hosildorlik, tola miqdori va sifati, tola chiqishi va tola uzunligi, kasallik va zararkunandalarga chidamlilik bo’yicha uzluksiz ustunlikni ta’minladi. O’zbekistonda Nav almashtirish davrlarida jami 170 ga yaqin g’o’za navlari rayonlashtirildi. O’zbekistonda 1937-92 yillar davomida bug’doy bo’yicha 7 marta nav almashtirildi. Natijada yangi asr boshiga kelib don mustaqilligiga erishildi.