Navoiy issiqlik elektr stantsiyasi
Navoiy issiqlik elektr stantsiyasi – O’zbekistondagi yirik issiqlik elektr stantsiyasi. “O’zbekenergiya” davlat aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibida sho’ba korxona. Navoiy shahrining Karmana tumani hududida joylashgan. 1960-81 yillarda qurilgan. Birinchi agregati 1962 yil Fevralda ishga tushirilgan. Elektr stansiyasining asosiy uskunalari ochiq havoda o’rnatilgan. Asosiy yoqilg’i turi — tarkibida oltingugurt bo’lgan tabiiy gaz hisoblanadi, ehtiyot yoqilg’isi sifatida esa mazutdan foydalaniladi. Stansiyada o’rnatilgan quvvatlari 1250 MVt bo’lgan 11 ta turboagregat (6 ta blok), 8 bug’qozoni bor. Bug’kozonlari 540° issiqlikda va 130 ATM. Bosimidagi bug’ni ishlab beradi. Suvni Zarafshon daryosidan oladi. Navoiy issiqlik elektr stantsiyasi O’zbekistonning g’arbiy-Janubiy hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan asosiy manbadir. Stansiya Qizilqumdagi tog’-kon va gaz sanoati korxonalariga, Navoiy “Elektrkimyo-zavodi”, “Qizilqumtsement” korxonasiga, AmuBuxoro, Qarshi magistral kanallaridagi nasos stansiyalariga, Buxoro, Samarqand, Kattaqo’rg’on shaharlari iste’molchilariga elektr energiyasi beradi. Shuningdek, Navoiy shahridagi korxonalarni va kommunal-maishiy ehtiyojlarni issiq suv bilan ta’minlaydi. Elektr stansiyasi kuchlanishi 220 ming voltli elektr uzatish liniyalari bilan Urganch shahridagi taqsimlash qurilmasi orqali Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasiga, Kattaqo’rg’on, Samarqand shaharlaridagi taqsimlash qurilmalari orqali O’rta Osiyo birlashgan energetika tizimi (“energiya” birlashgan dispetcherlik markazi)ga ulangan. 2002 yilda 5931,5 million kVt-s elektr energiyasi ishlab chiqarildi, iste’molchilarga 3042 ming Gkal issiqlik yetkazib berildi.