Navoiy-Uchquduq avtomagistrali
Navoiy-Uchquduq avtomagistrali — O’zbekiston Respublikasidagi xalqaro ahamiyatli yo’l. 1968— 75 yilda qurilgan. Zarafshon vohasida qishloq xo’jaligi (asosan, chorvachilik, qorako’lchilik) va sanoatni rivojlantirish — uzoq yaylovlarga yem-xashak tashish, qazilma boyliklarga boy bo’lgan konlardan qazib olinayotgan xom ashyoni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qayta ishlash uchun to’xtovsiz tashib keltirish va boshqa maqsadlarda bunyod etilgan. Yo’l Navoiy va Buxoro viloyatlari hududidan o’tgan bo’lib, Uchquduq va Zarafshon shaharlarini Navoiy, Buxoro, Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlar bilan uzviy bog’laydi. Yevropa—Osiyo transkontinental Avtomagistrali qurilishi bilan istiqbolda yo’lning Uchquduqdan Qozog’iston chegarasidagi Ko’kayozgacha bo’lgan 190 kilometr uzunlikdagi qismi ta’mirlanib, qayta quriladi va Ko’kayozdan Qizilo’rda shahrigacha bo’lgan avtomobil yo’li qurilishi tugallangach, yo’l Qizilo’rda shahrida Chimkent — Samara avtomagistraliga qo’shiladi. Yo’lning umumiy uzunligi 291 kilometr. Shundan 111 kilometr asfalbeton, 180 kilometr qora qoplamali. Yo’ldagi transport harakatining qatnov jadalligi Navoiyda sutkasiga 6530, Zarafshonda 2627, Uchquduqda 485 avtomobilga teng (2003). Tohirjon Mirzayev.