Naytishlilar

Naytishlilar (Tubulidentata) -yo’ldoshli sut emizuvchilar turkumi. Uzunligi 1-1,5 metr, dumi 45-60 santimetr, vazni 80 kilogrammdan ortiq. Tumshug’ining uchi nayga o’xshash cho’ziq. Oldingi oyoqlari 4, keyingi oyoqlari 5 barmoqli bo’lib, tuyoqsimon tirnoqlari bor. Tirnoqlari yordamida termitlar inini buzadi yoki yer kovlaydi. Tili uzun, chuvalchangsimon. Tishlari o’zaro qo’shilib o’sgan dentin naychalardan iborat (nomi shundan olingan); tish emali va ildizi bo’lmaydi; tishi doimo o’sib turadi. Kurak va yirtqich tishlari rivojlanmagan. Naytishlilarga faqat 1 tur — Afrika naytishlisi (Orycteropus afer) kiradi. Afrikaning Sahroi kabirdan janubroqda joylashgan barcha hududlarida tarqalgan. Tunda faol hayot kechiradi. Uzunligi 3 metrgacha in qazib, 1 yilda 1 bola tug’adi. Asosan, termitlar va chumolilar bilan oziqlanadi. Terisi va go’shti uchun ovlanadi. Ko’pchilik hududlarda soni keskin kamayib bormoqda.